Yangiliklar/Ekologiya

Yerda 11-oktabr kuni G2 darajasidagi magnit bo‘roni kutilmoqda

Ekologiya 10 oktyabr, 20:23
Yerda 11-oktabr kuni G2 darajasidagi magnit bo‘roni kutilmoqda

Yerda 11-oktabr kuni o‘rtacha darajadagi magnit bo‘roni kuzatilishi mumkin. AQSh Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari boshqarmasining (NOAA) Kosmik ob-havoni prognozlash markazi G2 darajasidagi geomagnit bo‘ron haqida ogohlantirish e’lon qilgan.

Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, Quyoshdan 7 va 8-oktabr kunlari ajralib chiqqan ikkita plazma oqimi Yer tomon harakatlanmoqda. Tezroq harakatlanayotgan ikkinchi oqim avvalgisiga qo‘shilishi va ularning birgalikdagi ta’siri Yer magnit maydonida o‘zgarishlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Magnit bo‘ronlari Quyoshdan tarqalgan zaryadlangan zarrachalar va magnit maydonlar Yerning magnitosferasi bilan o‘zaro ta’sirlashganda yuzaga keladi. Kuchli geomagnit faollik radioaloqa, sun’iy yo‘ldoshlar va navigatsiya tizimlari ishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq bunday hodisalar odatda Yer yuzidagi odamlar uchun bevosita xavf tug‘dirmaydi, chunki sayyoramiz atmosferasi va magnit maydoni zararli ta’sirlarning katta qismini to‘sadi.

NOAA tasnifida G2 darajasi o‘rtacha magnit bo‘ronini anglatadi. Bu eng yuqori, G5 darajasidagi xavf emas. Geomagnit faollik tez o‘zgarishi mumkinligi sababli prognozlar yangilanib boradi.

3,4390

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→