Yangiliklar/Jamiyat

Toshkentda ayol kesarcha kesish amaliyotidan keyin komaga tushdi

Jamiyat 8 oktyabr, 10:19
Toshkentda ayol kesarcha kesish amaliyotidan keyin komaga tushdi

21 yoshli M. Mirzarahimova Uchtepa tumanidagi 9-son perinatal markazda kechgan tug‘uruqdan keyin qariyb olti oydan beri og‘ir ahvolda. Shifokorlar bemorning holati epidural anesteziya vaqtida yomonlashgani, shundan so‘ng shoshilinch kesarcha kesish amaliyoti o‘tkazilganini bildirdi.

Hodisa 2026-yil 24-aprelda yuz bergan. Bemorning onasi N. Hakimovaning aytishicha, qizi shifoxonaga o‘zi borgan, homiladorlik esa jiddiy asoratlarsiz kechgan. Dastlab tabiiy tug‘uruq rejalashtirilgan.

Markaz bosh shifokori U. Bekjonov bemor to‘lg‘oq og‘rig‘ini kamaytirishni so‘ragani va muolajaga og‘zaki rozilik berganini ma’lum qildi. Yozma rozilik olinmagan.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, anesteziyadan keyin ayolning qon bosimi keskin tushgan. U intubatsiya qilinib, sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan. Homilaning yurak urishi ham sekinlashgani sababli shoshilinch kesarcha kesish amaliyoti o‘tkazilgan. Chaqaloq og‘ir ahvolda tug‘ilgan va keyinchalik ixtisoslashtirilgan bo‘limga ko‘chirilgan.

27-aprel kuni M. Mirzarahimova Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga o‘tkazilgan. Taxminan 25 kundan keyin u ko‘zini ochgan, biroq gapirish va atrofdagilar bilan ongli muloqot qilish qobiliyati tiklanmagan.

Bemorga apallik sindromi tashxisi qo‘yilgan. Bunday holatda nafas olish, yurak urishi va boshqa asosiy funksiyalar saqlanadi, ammo nutq hamda ongli aloqa kuzatilmaydi. Onasining aytishicha, ayolning qo‘l-oyoqlarida falajlik va deformatsiya ham paydo bo‘lgan.

Oila anesteziya va operatsiya uchun yozma rozilik bermaganini ta’kidlamoqda. Shifokorlar esa og‘riqsizlantirish bemorning og‘zaki roziligi bilan bajarilgani, kesarcha kesish esa ona va bola hayotiga xavf tug‘ilgani sababli o‘tkazilganini bildirdi.

N. Hakimova avgust oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Uchtepa tumani prokuraturasi va Toshkent shahar prokuraturasiga murojaat qilgan. Material e’lon qilingan paytda tekshiruv natijalari ochiqlanmagan.

Bemor ahvolining og‘irlashish sabablarini, tibbiy muolajalar qay darajada to‘g‘ri bajarilganini va protokollarga rioya etilganini ekspertiza aniqlashi kerak. Hozircha uning xulosasi haqida ochiq ma’lumot yo‘q.

4430

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→