Yangiliklar/Jamiyat

Yuqori daromadli o‘zbekistonliklar sayohatni tanlamoqda

Jamiyat 6 oktyabr, 15:00
Yuqori daromadli o‘zbekistonliklar sayohatni tanlamoqda

Daromadi 30 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan O‘zbekiston aholisi sayohat va yirik xarajatlarni ko‘proq rejalashtirmoqda. Daromadi kamroq fuqarolar esa uy-joy ta’miri, ta’lim va davolanishga ustuvor ahamiyat bermoqda.

Bu haqda Markaziy bankning 2026-yil II choragi bo‘yicha iste’mol kayfiyati sharhida aytilgan. Tadqiqot iyul oyida qariyb 4,1 ming kishi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga asoslangan.

Daromadi 20 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha bo‘lgan respondentlarning 18 foizi sayohatga pul sarflashni, 16 foizi avtomobil, 15 foizi esa uy-joy sotib olishni rejalashtirgan.

Daromadi 30 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan guruhda respondentlarning 32 foizi sayohatni tanlagan. Yana 30 foizi uy-joyini ta’mirlashni, 19 foizi avtomobil, 17 foizi ko‘chmas mulk sotib olishni, 15 foizi esa oilaviy tadbirlarga pul sarflashni rejalashtirgan.

Daromadi 15 mln so‘mgacha bo‘lgan fuqarolarda ta’mir, ta’lim, davolanish va kundalik ehtiyojlar asosiy xarajat yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda. Sayohat, avtomobil va ko‘chmas mulkka qiziqish daromad oshgani sari ortib bormoqda.

Yosh ham moliyaviy rejalarga ta’sir ko‘rsatmoqda. 30 yoshgacha bo‘lganlar ko‘proq ta’lim va ta’mirga pul sarflashni rejalashtirgan. Shu bilan birga, ular orasida to‘y, sayohat, avtomobil va uy-joyga qiziqish ham yuqori. 51 yoshdan katta fuqarolarda esa ta’mir va tibbiy xizmatlar ustuvor bo‘lib qolmoqda.

Ko‘pchilik xarajat va daromadlar oshishini kutmoqda

Ikkinchi chorakda respondentlarning 76 foizi xarajatlari ko‘payishini kutgan. Xarajatlar bo‘yicha kutilmalar indeksi chorak davomida 0,9 bandga pasayib, 77,2 bandni tashkil etgan.

Respondentlarning 66 foizi daromadi oshishiga umid qilmoqda, 25 foizi o‘zgarish kutmayapti, 9 foizi esa daromadi kamayishi mumkinligini bildirgan. Eng yuqori optimizm daromadi 20 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan fuqarolar orasida qayd etilgan: bu guruh vakillarining 81 foizi tushumlari ko‘payishini kutmoqda.

Kreditga talab, ayniqsa, daromadi 3 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha bo‘lgan aholi orasida yuqoriligicha qolmoqda. Qarz mablag‘larini ta’mir, ta’lim, davolanish, to‘y va avtomobil xaridiga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, so‘rov qatnashchilarining 46,4 foizi jamg‘armasi yo‘qligini bildirgan. Respondentlarning 64,3 foizi esa kelgusida jamg‘armalarini ko‘paytirishga umid qilmoqda.

So‘ralganlarning 58,6 foizi shaxsiy moliyaviy holati yaxshilanganini aytgan. Respondentlarning 66,6 foizi mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat bir yil ichida yaxshilanishini kutmoqda. Uch yillik istiqbol bo‘yicha esa ishtirokchilarning 77 foizi ijobiy prognoz bildirgan.

Markaziy bank xulosasiga ko‘ra, aholining iste’mol kayfiyati umuman olganda ijobiyligicha qolmoqda.

5230

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→