Yangiliklar/Jamiyat

Hamid Ismoilov Nobel mukofoti nomzodlari ro‘yxatiga kiritildi

Jamiyat 2 oktyabr, 15:55
Hamid Ismoilov Nobel mukofoti nomzodlari ro‘yxatiga kiritildi

O‘zbekistonlik yozuvchi, shoir va jurnalist Hamid Ismoilov adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti nomzodlari ro‘yxatiga kiritildi.

Nobel mukofotining o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha nomzodlar va ularni tavsiya qilgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar 50 yil davomida sir saqlanadi. Shu sababli yangi nomzodlar haqidagi ma’lumotlar odatda faqat belgilangan muddat o‘tgandan keyin oshkor qilinadi.

Hamid Ismoilov o‘zbek va rus tillarida ijod qiladi. Uning asarlari ingliz, nemis, turk va fransuz tillariga tarjima qilingan. Yozuvchi 2019-yilda “Jinlar bazmi” romani uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining adabiyot bo‘yicha mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning “We Computers” asari ham ushbu mukofotning qisqa ro‘yxatidan joy olgan.

Hamid Ismoilov 1954-yil 5-may kuni Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida tug‘ilgan. U harbiy aloqa bilim yurtida tahsil olgan, keyinchalik Toshkent davlat universitetining biologiya, huquqshunoslik va menejment yo‘nalishlarini tamomlagan.

Yozuvchi 1992-yildan buyon Londonda yashab keladi. Uning “Temir yo‘l” romani 2006-yilda ingliz tiliga tarjima qilinib, Buyuk Britaniyada nashr etilgan. Shoirning she’rlari ham bir qator Yevropa tillariga tarjima qilingan.

Adabiyot bo‘yicha 2026-yilgi Nobel mukofoti sovrindori 8-oktabr kuni Stokgolmda e’lon qilinadi. G‘olibga 12 million shved kronasi (taxminan 1,2 million AQSH dollari) miqdoridagi mukofot topshiriladi. Taqdirlash marosimi an’anaviy tarzda 10-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

6120

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→