Yangiliklar/Jamiyat

Shakar miqdori yuqori bo‘lgan ichimliklar qadoqlarida ogohlantirish yozuvlari paydo bo‘lishi mumkin

Jamiyat 30 sentyabr, 13:25
Shakar miqdori yuqori bo‘lgan ichimliklar qadoqlarida ogohlantirish yozuvlari paydo bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda alkogolsiz ichimliklarni markirovkalash bo‘yicha yangi talablar joriy etilishi taklif qilinmoqda. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, ichimliklar qadoqlarida shakar miqdorini ko‘rsatuvchi maxsus ogohlantirishlar bo‘lishi kerak.

Loyiha qabul qilinsa, 2027-yil 1-yanvardan boshlab ichimliklar tarkibidagi shakar miqdoriga qarab turli rangdagi yozuvlar qo‘llanadi.

100 millilitr ichimlik tarkibida:

  • 5–8 gramm shakar bo‘lsa — “O‘RTACHA SHAKAR MIQDORI”;
  • 8–11 gramm shakar bo‘lsa — “YUQORI SHAKAR MIQDORI”;
  • 11 gramm va undan ko‘p shakar bo‘lsa — “JUDA YUQORI SHAKAR MIQDORI – TEZ-TEZ ISTE’MOL QILISH SALOMATLIK UCHUN ZARARLI” degan ogohlantirish yozuvi joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Ogohlantirish yozuvlari qadoqning old tomonida bo‘lishi va uning umumiy yuzasining kamida 15 foizini egallashi kerak. Ular iste’molchi mahsulotni qo‘liga olmasdan ham ko‘ra oladigan tarzda joylashtiriladi.

Shuningdek, qadoqlarda QR-kod bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Xaridor ushbu kod orqali mahsulot tarkibi, kaloriya miqdori va iste’mol bo‘yicha tavsiyalar bilan tanishishi mumkin bo‘ladi.

Loyihada shakar miqdori yuqori bo‘lgan ichimliklarni nazorat qilish uchun yagona monitoring tizimini yaratish ham nazarda tutilgan. U Asl Belgisi va Soliq qo‘mitasining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

Bundan tashqari, 2027-yildan boshlab ta’lim muassasalarida yangi talablarga mos kelmaydigan ayrim ichimliklarning savdosini bosqichma-bosqich cheklash taklif etilmoqda.

7060

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→