Javohir Sindarov yilning eng yaxshi erkak shaxmatchisi deb topildi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov FIDE Excellence Awards 2026 mukofotining “Yilning eng yaxshi erkak shaxmatchisi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Mukofot Samarqandda o‘tgan 46-Jahon shaxmat olimpiadasining yopilish marosimida topshirildi.
Sindarovning mukofotga loyiq ko‘rilishida uning so‘nggi ikki yildagi yirik natijalari muhim rol o‘ynadi. Eng asosiy yutuqlardan biri 2025-yilda Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tgan FIDE Jahon kubogidagi g‘alaba bo‘ldi. Musobaqa finalida u xitoylik grossmeyster Vey Yini tay-brekda mag‘lub etib, tarixdagi eng yosh Jahon kubogi g‘olibiga aylandi.
Mazkur natija unga 2026-yilgi Nomzodlar turnirida ishtirok etish huquqini berdi.
Keyinchalik Kiprda o‘tgan Nomzodlar turnirida ham Sindarov tarixiy natija qayd etdi. U musobaqa tugashiga bir tur qolganda g‘oliblikni ta’minladi, birorta ham partiyada mag‘lub bo‘lmadi va 14 imkoniyatdan 10 ochko jamg‘ardi.
Bu natija unga amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi jahon tojiga da’vogarlik qilish imkoniyatini berdi. Shu tariqa Sindarov mutlaq jahon chempionligi uchun bahs olib boradigan ilk o‘zbekistonlik shaxmatchiga aylandi.
Sentabr oyida esa O‘zbekiston terma jamoasi Samarqandda o‘tgan Jahon shaxmat olimpiadasida g‘olib chiqdi. Biroq ushbu natija FIDE Excellence Awards mukofoti uchun hisobga olinmagan, chunki mukofot 2024-yil sentabrdan 2026-yil avgustigacha bo‘lgan davrdagi ko‘rsatkichlar asosida topshirilgan.
FIDE Excellence Awards mukofoti ilk bor 2026-yilda ta’sis etildi. Mukofot har ikki yilda bir marta topshiriladi va shaxmatchilar, terma jamoalar, federatsiyalar hamda shaxmat rivojiga hissa qo‘shgan boshqa vakillarni taqdirlashni nazarda tutadi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Kökça Darvoza köçasida «yaşil to‘lqin» ishga tushirildi

Buxoro viloyatida 500 million dollarlik turizm klasteri barpo etiladi

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi
