Yangiliklar/Jamiyat

Bolalar ombudsmani jabrlangan bola haqidagi tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi

Jamiyat 25 sentyabr, 17:45
Bolalar ombudsmani jabrlangan bola haqidagi tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi

Avvalroq Namanganda bolalar bog‘chasida ombor mudiri besh yoshli qizchani zo‘rlashda gumon qilinayotgani haqida xabar berilgan edi. Gumonlanuvchi qamoqqa olingan, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi — 14 yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bolalar ombudsmani matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi — o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish moddasi bo‘yicha ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bolalar ombudsmani mazkur ish doirasida jabrlangan bolaning qonuniy manfaatlari ta’minlanishini monitoring qilmoqda.

Ombudsman idorasi ta’kidlashicha, ish voyaga yetmagan bola bilan bog‘liq bo‘lgani sababli voqea yuzasidan tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatish bolaning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin.

OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga bunday holatlarni yoritishda bolaning manfaatlariga rioya qilish hamda faqat vakolatli tashkilotlar tomonidan rasman e’lon qilingan ma’lumotlarga tayanish tavsiya etildi.

«Inson» ijtimoiy xizmatlar hududiy markazi mutaxassislari bolaga va uning oilasiga zarur yordam ko‘rsatishni davom ettirmoqda.

3310

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→