Andijon xalqaro aeroporti quvvati 3,5 million yo‘lovchigacha oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish ishlari bilan tanishdi. Davlat rahbari mazkur obyektni rekonstruksiya qilish bo‘yicha topshiriqlarni bir necha yil avval bergan bo‘lib, loyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

1978-yilda foydalanishga topshirilgan, 2013-yilda xalqaro maqom olgan aeroport bugungi kunda viloyatning muhim transport tugunlaridan biri hisoblanadi. Vaqt o‘tishi bilan yo‘lovchilar oqimi va aviaqatnovlar sonining ortishi aeroport infratuzilmasini yangilash zaruratini yuzaga keltirgan.
Aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 1,1 trillion so‘mni tashkil etadi. Birinchi bosqichda aeroportning asosiy infratuzilmasi tubdan yangilandi. Xususan, uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirilib, 60 metr kenglikdagi yangi 4E toifali yo‘lak qurildi. Shuningdek, 10 ta samolyot uchun to‘xtash joylari hamda yangi rullash yo‘laklari barpo etildi.

Aeroportda Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy yorug‘lik-signal tizimi o‘rnatilgan. Bu samolyotlarni tungi vaqtda hamda tumanli ob-havo sharoitida xavfsiz qabul qilish imkonini beradi. Endilikda Andijon aeroporti keng fyuzelyajli yirik havo kemalarini ham qabul qila oladi.
Hozirda rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Uning doirasida umumiy maydoni qariyb 19,7 ming kvadrat metr bo‘lgan ikki qavatli zamonaviy terminal binosi qurilmoqda.

Yangi terminal ishga tushgach, aeroportning xizmat ko‘rsatish quvvati sezilarli oshadi. Agar avval aeroport bir soatda 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, yangi terminal orqali bu ko‘rsatkich besh baravar ko‘payadi. Shuningdek, yuqori tezlikdagi Wi‑Fi va aqlli xizmatlar joriy etilishi rejalashtirilgan.

Prezidentga aeroportni rivojlantirish konsepsiyasi taqdim etildi. Davlat rahbari mas’ullarga qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda va yuqori sifat bilan yakunlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Bugungi kunda Andijon xalqaro aeroporti orqali mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda yetti aviakompaniya muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda. Kelgusida yillik aviareyslar sonini 808 tadan 2 500 tagacha, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish hajmini esa yiliga 3,5 million kishigacha yetkazish rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, aeroport imkoniyatlarining kengayishi hududning transport, iqtisodiy va turistik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, aeroport atrofida zamonaviy servis infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Kökça Darvoza köçasida «yaşil to‘lqin» ishga tushirildi

Buxoro viloyatida 500 million dollarlik turizm klasteri barpo etiladi

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi
