Yangiliklar/Ekologiya

“Yashil makon” loyihasi yangi bosqichga chiqadi: mahallalar uchun “yashil reyting” va SI tizimi joriy etiladi

Ekologiya 21 sentyabr, 19:55
“Yashil makon” loyihasi yangi bosqichga chiqadi: mahallalar uchun “yashil reyting” va SI tizimi joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-dentabr kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda ekologik muhitni yaxshilash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda so‘nggi yillarda daraxt ekish va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ekilgan ko‘chatlarni saqlash va parvarishlashda muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Xususan, o‘tgan yil bahorida ekilgan ko‘chatlarning bir qismi noto‘g‘ri parvarish, suv ta’minoti yetishmasligi, hudud iqlimiga mos bo‘lmagan daraxt turlarini tanlash hamda kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash yetarli darajada tashkil etilmagani sababli qurib qolgan.

Davlat rahbari ko‘kalamzorlashtirish samaradorligini ekilgan daraxtlarning bir, uch va besh yildan keyingi holatiga qarab baholash kerakligini ta’kidladi.

Har bir mahalla uchun “yashil xarita” yaratiladi

Yangi yondashuvga ko‘ra, Ekologiya qo‘mitasi har bir mahalla kesimida ekiladigan daraxt turlari, joylashuvi va sug‘orish tizimlari aks etgan “yashil xarita”larni ishlab chiqadi. Mahalla raislari bilan birgalikda ko‘chalardagi daraxtlar holatini muntazam monitoring qilish, qurish sabablarini aniqlash va bartaraf etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, daraxt ekish ishlari, avvalo, aholi gavjum hududlar, piyodalar yo‘laklari va kun-u tun faol bo‘ladigan ko‘chalarda tashkil etilishi belgilandi. Bunday joylarda soya beruvchi daraxtlar sonini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

“Yashil mahallam” dasturi kengaytiriladi

“Yashil mahallam” dasturi doirasida mahallalarga:

  • sifatli ko‘chatlar;
  • organik o‘g‘itlar;
  • suv tejovchi sug‘orish uskunalari;
  • daraxtlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish xizmatlari

yetkazib berish taklif etildi.

Bundan tashqari, har bir mahallaga o‘rmonchi-murabbiy biriktirilib, aholiga daraxt ekish va parvarishlash bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatiladi.

Mahallalarning “yashil reytingi” joriy etiladi

Yangi tizimda mahallalar yashillik darajasi bo‘yicha baholanadi. Bunda:

  • yashil maydonlar ulushi;
  • aholi soniga nisbatan daraxtlar soni;
  • ko‘chatlarning yashab qolish ko‘rsatkichi;
  • aholining ko‘kalamzorlashtirishdagi ishtiroki

asosiy mezon sifatida olinadi.

Yuqori natijaga erishgan mahallalarni rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha mablag‘lar va “yashil” mikrograntlar ajratilishi rejalashtirilmoqda.

“3-30-300” tamoyili joriy etiladi

Hududlarni ko‘kalamzorlashtirishda xalqaro amaliyotda qo‘llaniladigan “3-30-300” tamoyili asosida ish olib borish taklif qilindi.

Unga ko‘ra:

  • har bir inson yashash yoki ishlash joyidan kamida 3 ta daraxtni ko‘ra olishi;
  • hududning kamida 30 foizi daraxtlar soyasi bilan qoplanishi;
  • yashash joyidan 300 metr masofada yashil dam olish hududi bo‘lishi kerak.

Mazkur yondashuv asosida Toshkent shahrining Yangihayot tumani, Buxoro viloyatining Olot tumani va Samarqand viloyatining Urgut tumani uchun alohida loyihalar ishlab chiqilgan.

“Yashil AI” tizimi ishga tushiriladi

Taqdimotda sun’iy intellektga asoslangan “Yashil SI” modulini sinov tariqasida joriy etish taklifi ham ko‘rib chiqildi.

Tizim:

  • tuproq va iqlim sharoitlarini tahlil qiladi;
  • qaysi hududga qanday daraxt ekish bo‘yicha tavsiyalar beradi;
  • suv tanqisligi va kasalliklarni erta aniqlaydi;
  • ko‘chatlarning holatini yagona xaritada monitoring qilish imkonini yaratadi.

Cho‘llanishga qarshi yangi loyihalar boshlanadi

Yig‘ilishda cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash hamda xalqaro grantlarni jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi. Mutasaddilarga 2027-yil 1-iyulgacha har bir hududda yaylovlar va cho‘l hududlaridan samarali foydalanishga qaratilgan namunaviy loyihalarni ishga tushirish vazifasi yuklatildi.

2100

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→