Toshkent – Nukus tezyurar poyezdi 2027-yil martidan yo‘lga qo‘yiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukusda o‘tkazilgan yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonda aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan yirik infratuzilma va investitsiya loyihalari amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Ular qatorida transport, sog‘liqni saqlash, ichimlik suvi ta’minoti hamda sanoat sohalaridagi tashabbuslar bor. Davlat rahbari ma’lum qilishicha, 2027-yil mart oyidan Toshkent – Nukus tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Natijada hozirgi 16 soat davom etadigan safar muddati 7 soatgacha qisqaradi.
Qoraqalpog‘istonda so‘nggi yillarda qator ijtimoiy obyektlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, Bo‘zatovda zamonaviy sanatoriy, Nukusda onkologiya va radiologiya markazi, Qo‘ng‘irotda bolalar shifoxonasi va tug‘uruqxona ish boshlagan. Shuningdek, Amudaryo va To‘rtko‘lda 2 ming o‘rinli amfiteatrlar, Nukusda gimnastika markazi hamda Konservatoriya filiali foydalanishga topshirilgan.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish doirasida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 384 million dollar hisobiga A-380 magistral yo‘lining Qo‘ng‘irot hududidan o‘tuvchi 240 kilometrlik qismi beton qoplamaga o‘tkazildi. Yaqinda To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniy hududlaridan o‘tuvchi yana 92 kilometrlik yo‘l qurilishi boshlangan bo‘lib, loyiha qiymati 233 million dollarni tashkil etadi.
Prezidentning ta’kidlashicha, ushbu loyiha natijasida tranzit oqimi 1,5 baravar oshadi. To‘rtko‘lga kelgan yuklar Qozog‘iston chegarasiga bir sutka o‘rniga 10 soatda yetkazilishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, “Tuyamo‘yin” suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish hamda Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqacha 100 kilometrlik ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari boshlanishi rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonning sanoat salohiyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezident hududda yer resurslari, foydali qazilmalar, quyosh va shamol energiyasi hamda keng yaylovlar mavjudligini qayd etib, shu imkoniyatlar asosida yangi sanoat va investitsiya xaritasi ishlab chiqilishini ma’lum qildi.
Xususan, “Qo‘ng‘irot – Qorao‘zak – Taxiatosh” yo‘nalishini Qoraqalpog‘istonning “yashil sanoat yo‘lagi” va “intellektual iqtisodiyot uchburchagi”ga aylantirish rejalashtirilmoqda.
Sun’iy intellekt va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari uchun tashkil etilgan maxsus zonada umumiy qiymati 8 milliard dollarlik 6 ta loyiha amalga oshiriladi. Mutasaddilarga 1-oktabrgacha investorlar uchun 1 gigavatt quvvatli barqaror elektr ta’minoti bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, kelgusi uch yil davomida Nukus, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va Taxiatoshda 1,5 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish hamda bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt xizmatlari eksportini yiliga 600 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Kökça Darvoza köçasida «yaşil to‘lqin» ishga tushirildi

Buxoro viloyatida 500 million dollarlik turizm klasteri barpo etiladi

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi
