Husiylar Ar-Riyodga hujum qilganini da’vo qildi, Saudiya raketa tutib qolinganini bildirdi

Yamandagi husiylar harakati 19-sentabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi strategik ahamiyatga ega obyektlarga raketa va dronlar yordamida hujum uyushtirganini ma’lum qildi. Biroq guruh nishonga olingan obyektlarning aniq nomlarini ochiqlamadi.
Husiylarning bayonotidan bir necha soat oldin Qirol Xolid xalqaro aeroporti yaqinida kuchli yong‘in va osmonni qoplagan ulkan qora tutun kuzatilgan. Reuters tomonidan tarqatilgan foto va videolarda aeroport yaqinidagi hududdan ko‘tarilgan qalin tutun ustuni aks etgan.
AFP muxbirining xabar berishicha, o‘t o‘chiruvchilar aeroport yaqinidagi omborda Saudi Aramco logotipi tushirilgan yoqilg‘i sisternalaridan birida yuzaga kelgan yong‘inni o‘chirgan. Saudiya rasmiylari hodisa oqibatlari va zarar miqdori haqida hozircha ma’lumot bermagan. Shuningdek, husiylar Qizil dengiz bo‘yidagi Yanbu shahrida joylashgan Aramco obyektlariga ham hujum qilinganini ma’lum qilgan. Guruhga ko‘ra, bu harakat Yaman poytaxti Sanoga uyushtirilgan havo zarbalariga javob bo‘lgan.
Saudiya nima dedi?
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi harbiy koalitsiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Ar-Riyod tomon uchirilgan raketani yo‘q qilganini ma’lum qildi. Koalitsiya bayonotiga ko‘ra, Bish, Farasan, Toif va Yanbu hududlarida fuqarolik obyektlariga qaratilgan tahdidlarning oldi olingan. Shu bilan birga, ehtimoliy talafotlar haqida rasmiy ma’lumot berilmadi.
Saudiya fuqaro muhofazasi xizmati esa Ar-Riyod va Al-Xarj shaharlari aholisiga havo hujumi xavfi haqida mobil ogohlantirishlar yuborgan. Keyinchalik xavf bartaraf etilgani e’lon qilingan.
Mintaqadagi keskinlik kuchaymoqda
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar iyul oyidan buyon Saudiya Arabistonining energetika obyektlari va Qizil dengizdagi kemalariga bir necha bor hujum uyushtirib kelmoqda. Ar-Riyodga qilingan so‘nggi hujum keskinlik avj olganidan buyon poytaxtga qarshi ilk zarba sifatida baholanmoqda.
Turkiya yordam berishga tayyor
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan husiylarning davom etayotgan hujumlari sabab Saudiya Arabistonida qo‘shimcha harbiy ehtiyojlar yuzaga kelishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Makka mudofaa kelishuvi doirasida Turkiya Saudiyaga yordam ko‘rsatishga tayyor. Biroq yordamning aniq shakli hozircha ma’lum emas.
Eron urush tugashini istashini bildirdi
Muhsin Rizoiy Tehron Saudiya Arabistoni va husiylar o‘rtasidagi mojaroga yakun yasalishini istashini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Eron AQSH bilan muzokaralarni qayta tiklash bo‘yicha o‘z takliflarini vositachilar orqali yetkazgan. Ushbu talablar orasida «barcha jabhalarda urushni tugatish» masalasi ham mavjud.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Kökça Darvoza köçasida «yaşil to‘lqin» ishga tushirildi

Buxoro viloyatida 500 million dollarlik turizm klasteri barpo etiladi

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi
