“Yangi Toshkent” aeroporti qurilishi hududidagi ayrim qabristonlar ko‘chiriladi

Toshkent viloyati hokimining 15-sentabrdagi qarori bilan “Yangi Toshkent” xalqaro aeroporti qurilishi hududida joylashgan ayrim yopiq qabristonlarni ko‘chirish choralari tasdiqlandi.
Qaror “Yangi Toshkent” xalqaro aeroportini barpo etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha prezident qarori, “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekiston musulmonlari idorasi xulosasi hamda sanitariya talablariga asosan qabul qilingan.
Ko‘chiriladigan qabristonlar orasida Quyi Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlarida joylashgan musulmon, koreys va rus xristian qabristonlari bor. Hujjatda qayd etilishicha, ushbu qabristonlarda dafn ishlari ko‘p yillar avval to‘xtatilgan.
Qaysi qabristonlar ko‘chiriladi?
Quyi Chirchiq tumanida:
- “Sergeli bolalar” qabristoni;
- “Sergeli” mahallasidagi koreys qabristoni.
O‘rta Chirchiq tumanida:
- “Suvon bag‘ish” musulmon qabristoni;
- “Xudoyqul” musulmon qabristoni;
- “Xudoyqul” koreys qabristoni;
- “Sariqtepa” koreys qabristoni;
- “Boris” rus xristian qabristoni.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining xulosasiga ko‘ra, agar qabrlardagi inson qoldiqlari to‘liq chirib, tuproq bilan aralashib ketgan bo‘lsa, ushbu yer maydonlaridan belgilangan tartibda foydalanish mumkin.
Shu bilan birga, qabrlarni ochish vaqtida aniqlangan suyak qoldiqlari ehtiyotkorlik bilan yig‘ilib, boshqa qabristonlarga hurmat bilan qayta dafn etiladi.
Qayta dafn qilish qayerda amalga oshiriladi?
Quyi Chirchiq tumanida:
- “Sergeli bolalar” qabristonidan ko‘chiriladigan qabrlar “Surum” mahallasidagi “Shardara” qabristoniga;
- koreys qabristonidan ko‘chiriladigan qabrlar esa “Sergeli” mahallasidagi rus-koreys qabristoniga ko‘chiriladi.
O‘rta Chirchiq tumanida:
- “Suvon bag‘ish” va “Xudoyqul” musulmon qabristonlaridagi qabrlar “Yangi yo‘l” mahallasidagi “Zaynab ona” qabristoniga;
- koreys va rus qabristonlaridagi qabrlar esa “Taraqqiyot” mahallasidagi koreys qabristoniga ko‘chiriladi.
Qarorga ko‘ra, eksgumatsiya va qayta dafn qilish ishlari sanitariya-epidemiologik, ekologik, me’moriy va diniy talablarga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Shuningdek, O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hokimliklariga marhumlarning yaqinlari bilan tushuntirish ishlarini olib borish hamda qayta dafn marosimlarini diniy urf-odatlarga muvofiq tashkil etish topshirildi.
Qabristonlarni ko‘chirish, qayta dafn qilish va hududlarni obodonlashtirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar “Yangi Toshkent” aeroporti loyihasi doirasidagi xususiy hamkor tomonidan qoplanadi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Kökça Darvoza köçasida «yaşil to‘lqin» ishga tushirildi

Buxoro viloyatida 500 million dollarlik turizm klasteri barpo etiladi

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi
