Yangiliklar/Jamiyat

Tibbiyot yo‘nalishlariga kirish uchun minimal o‘tish bali 113,4 etib belgilanadi

Jamiyat 17 sentyabr, 17:46
Tibbiyot yo‘nalishlariga kirish uchun minimal o‘tish bali 113,4 etib belgilanadi

O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishlariga qabul hamda talabalarning bilimini baholash tizimiga yangi talablar joriy etiladi. Bu Prezidentning PF–191-sonli farmonida belgilangan.

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab tibbiyot va farmatsevtika bakalavriat yo‘nalishlariga kirish uchun minimal o‘tish bali kirish imtihonlaridagi maksimal ballning 60 foizi etib belgilanadi. Amaldagi tizimda bu 113,4 ballga teng.

Yangi tartibga ko‘ra, 113,4 balldan kam to‘plagan abituriyentlar oliy ta’lim muassasasiga qabul qilinmaydi. Mazkur talab tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super-kontrakt) asosida o‘qishga kirishni istaganlarga ham tatbiq etiladi. Shuningdek, cheklov maqsadli qabul doirasidagi abituriyentlarga ham birdek qo‘llanadi.

Farmon bilan tibbiyot talabalari bilimini baholash mezonlari ham kuchaytirilmoqda. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab har bir o‘quv modulini o‘zlashtirish va davlat imtihonlarini topshirish uchun minimal o‘tish ko‘rsatkichi:

  • shifokorlik mutaxassisliklari uchun — 70 foiz;
  • o‘rta tibbiyot xodimlari mutaxassisliklari uchun — 60 foiz etib belgilanadi.

Bundan tashqari, birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari (internatura)ga qabul bekor qilinadi. Qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslari orqali qo‘shimcha tor mutaxassislik olish amaliyotidan ham voz kechiladi.

9640

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→