Yangiliklar/Siyosat

Shavkat Mirziyoyev: 2,5 mingta ishlamay turgan korxona 40 mingtani ish bilan ta’minlaydi

Siyosat 10 sentyabr, 10:11
Shavkat Mirziyoyev: 2,5 mingta ishlamay turgan korxona 40 mingtani ish bilan ta’minlaydi

9-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarda bandlikni ta’minlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi.

Asosiy tanqid shundan iborat bo‘ldiki, ayrim rahbarlar hanuzgacha mahalla va oilalardagi haqiqiy vaziyatni o‘rganmasdan, «kabinetdan turib» ishlamoqda. Prezident joylarga chiqib ishlamasdan turib natijaga erishib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Faoliyati to‘xtab qolgan korxonalar. Davlat banklari balansida qiymati 10 trillion so‘mlik qariyb 2500 ta obyekt mavjud. Ularni ishga tushirish 40 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Mas’ullarga to‘liq inventarizatsiya o‘tkazish uchun bir hafta muddat berildi. Shundan so‘ng har bir korxona yoki to‘liq sotilishi, yoki inqirozga qarshi boshqaruvchi jalb etilgan holda qayta ishga tushirilishi kerak.

Misol sifatida Qo‘shko‘pir tumanidagi 43 million yevro qiymatiga ega, 1300 ish o‘rniga mo‘ljallangan to‘qimachilik fabrikasi keltirildi. Mazkur korxona yil boshidan buyon faoliyat yuritmayapti.

Soliq rag‘bati. 1-oktabrdan boshlab qishloq hududlaridagi korxonalar kam ta’minlangan oilalar a’zolarini ishga qabul qilgan taqdirda, ushbu xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 2 foizgacha kamaytiriladi.

Birinchi qavatdagi xonadonlar. Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidagi turar joylarni noturar joy fondiga o‘tkazmasdan savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun foydalanishga ruxsat berish taklif qilindi. Buning uchun xabarnoma yuborishning o‘zi kifoya qiladi. Mas’ullarga ruxsat etiladigan faoliyat turlari ro‘yxatini ishlab chiqish uchun bir oy muddat berildi.

Bepul bog‘cha va maktablar. Bog‘cha va maktablar ochib, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini bepul o‘qitishga tayyor bo‘lgan tadbirkorlar auksion orqali yer uchastkalarini 1 million so‘m boshlang‘ich narxda olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Mahallalar faoliyatini muvofiqlashtirish. Mahalla tizimi bilan ishlash bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Endilikda barcha masalalar haftada bir marta uning rahbarligida muhokama qilinadi. «Yettilik» tarkibidagi alohida yig‘ilishlarni o‘tkazish taqiqlanadi.

3440

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→