Yangiliklar/Iqtisod

Xitoyda Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi aks etgan kadrlar namoyish etildi

Iqtisod 4 sentyabr, 09:44
Xitoyda Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi aks etgan kadrlar namoyish etildi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Mao Ning Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilish maydonidan olingan yangi suratlarni X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi. Pekin mazkur loyihani “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi muhim infratuzilmaviy loyihalardan biri sifatida baholamoqda.

Temir yo‘l qurilishiga 2024-yil 27-dekabr kuni rasman start berilgan. Magistral Qashg‘ar — Torugart — Makmal — Jalolobod — Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tib, Xitoyni Qirg‘iziston orqali O‘zbekiston bilan bog‘laydi.

Qirg‘iziston hududidagi temir yo‘l qismi 304 kilometrdan ortiq bo‘ladi. Loyiha texnik jihatdan murakkab bo‘lib, yo‘lning katta qismida ko‘prik va tunnellar qurilishi rejalashtirilgan. Qurilishni 2030-yilgacha yakunlash ko‘zda tutilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. 2025-yil dekabr oyida Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston qo‘shma loyiha kompaniyasi Xitoy banklari sindikati bilan kredit shartnomasini imzolagan. Unga ko‘ra, Xitoy 35 yil muddatga qariyb 2,3 milliard dollar kredit ajratadi. Yana qariyb 2,3 milliard dollar uch davlat tomonidan qo‘shma kompaniyaning ustav kapitaliga kiritiladi. Undagi ulushlar Xitoyga 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga esa 24,5 foizdan tegishli.

O‘zbekiston uchun loyiha, avvalo, tranzit ahamiyatiga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq ushbu temir yo‘l Xitoyni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan eng qisqa quruqlikdagi yo‘nalishlardan birini yaratishini ta’kidlagan.

Kelgusida yangi yo‘nalish orqali Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlari bilan bog‘lash imkoniyatlari ham kengayishi mumkin. Buning uchun Afg‘oniston orqali o‘tuvchi transport yo‘nalishlarini rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, temir yo‘l ishga tushirilgach, yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuningdek, Xitoydan yuklarni yetkazib berish muddati o‘rtacha yetti kunga qisqarishi kutilmoqda.

O‘zbekiston yangi tranzit oqimlarini qabul qilish uchun o‘z transport infratuzilmasini ham rivojlantirmoqda. Mamlakat hududidan qariyb 4 ming kilometr xalqaro tranzit koridorlari o‘tadi, temir yo‘l tarmog‘ining umumiy uzunligi esa 4,7 ming kilometrga yaqin.

2026-yil iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on temir yo‘l loyihalarini jadallashtirish O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro transport tizimidagi mavqeini mustahkamlashini ta’kidlagan.

1,0540

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→