Yangiliklar/Jamiyat

Toshkentdagi Glinka ko‘chasida yuz bergan portlashning dastlabki sababi ma’lum qilindi

Jamiyat 4 sentyabr, 13:04
Toshkentdagi Glinka ko‘chasida yuz bergan portlashning dastlabki sababi ma’lum qilindi

Toshkent shahri hokimligi ma’lum qilishicha, Yakkasaroy tumanidagi Glinka ko‘chasida yo‘l qoplamasi ostida yuz bergan portlashga yerosti gaz quvuridan sizib chiqqan gazning to‘planishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, diametri 219 millimetr bo‘lgan gaz quvuridan sizib chiqqan gaz issiqlik tarmoqlari kamerasida to‘planib, avariya holatini yuzaga keltirgan. O‘rganishlar davomida gaz quvurining taxminan 375 kvadrat santimetr (15×25 sm) maydonida bir nechta sizib chiqish nuqtalari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda mutaxassislar gaz sizishi sabablari va hodisa tafsilotlarini o‘rganmoqda. Tergov yakunlari bo‘yicha aybdor shaxslarga huquqiy baho beriladi.

Portlash 3-sentabr kuni Glinka ko‘chasi va Shota Rustaveli ko‘chasi kesishmasi yaqinida sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida yo‘lning qatnov qismida katta chuqurlik hosil bo‘lgan, bir kishi jarohatlangan va bir necha avtomobil shikastlangan.

E’tiborlisi, hodisadan so‘ng Hududgaz Poytaxt hamda Veolia Energy Tashkent dastlabki tekshiruvlarda gaz sizishi aniqlanmagani va avariya ularning tarmoqlari bilan bog‘liq emasligini bildirgan edi. Keyinchalik o‘tkazilgan batafsil tekshiruv davomida gaz quvurida bir nechta sizib chiqish joylari topildi.

Hokimlikka ko‘ra, tergov va texnik tekshiruvlar yakunlangach, shikastlangan yo‘l qoplamasi tiklanadi va transport harakati qayta yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish maqsadida muhandislik tarmoqlari holati qo‘shimcha ravishda tekshiriladi.

6550

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→