Yangiliklar/Siyosat

Ilhom Aliyevga Yangi Toshkentning bosh rejasi koʻrsatildi

Siyosat 24 avgust, 11:00
Ilhom Aliyevga Yangi Toshkentning bosh rejasi koʻrsatildi

Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 23-avgust kuni “Yangi Toshkent” qurilish direksiyasiga tashrif buyurib, mamlakatimizdagi eng yirik shaharsozlik loyihalaridan birini bilan tanishdi.

Ozarbayjon rahbariga yangi shaharning bosh rejasi, amalga oshirilayotgan qurilish ishlari, transport va muhandislik infratuzilmasi, shuningdek, loyihani yanada rivojlantirish istiqbollari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Yangi Toshkent 20 ming gektar maydonda barpo etilib, 2 million kishiga moʻljallangan. Rejaga koʻra, 2034-yilgacha bu yerda 200 ming turar-joy qurish rejalashtirilgan.

6 ming gektar maydonni egallagan birinchi bosqich doirasida zamonaviy turar-joy majmualari, ijtimoiy va tadbirkorlik obyektlari, ta’lim va madaniyat muassasalari qurilishi davom etmoqda. Xususan, Yangi Oʻzbekiston universiteti, Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universiteti va boshqa oliy oʻquv yurtlari talabalar shaharchalari tashkil etilmoqda.

Loyihaning muhim qismi transport infratuzilmasi boʻladi. Yangi Toshkentni mavjud poytaxt bilan yangi koʻpriklar, metro liniyasi, piyodalar va velosiped yoʻllari bogʻlaydi. Shuningdek, shaharda davlat muassasalari, ilmiy-madaniy markazlar, mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish ob’ektlari va biznes majmualarini joylashtirish rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirishda mahalliy va xorijiy investorlar faol ishtirok etmoqda.

6670

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→