Yangiliklar/Jamiyat

O‘zbekistonda uysiz fuqarolarga ijtimoiy yordamning yangi mexanizmi tasdiqlandi

Jamiyat 20 avgust, 12:00
O‘zbekistonda uysiz fuqarolarga ijtimoiy yordamning yangi mexanizmi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 447-son qarori bilan doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish choralari belgilandi.

Hujjatga muvofiq, fuqarolar Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy reabilitatsiya markazlariga o‘z murojaati asosida qabul qilinadi. Buning uchun shoshilinch yoki kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordamni talab qiladigan holatlar mavjud emasligi haqida tibbiy xulosa taqdim etilishi kerak.

Markazga joylashtirilgan shaxs dastlab yetti kun davomida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxs sifatida ro‘yxatga olinadi. Shu muddat ichida uning ijtimoiy ehtiyojlari o‘rganilib, ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish bo‘yicha individual reja ishlab chiqiladi.

Qarorda markazlar xodimlarini rag‘batlantirish masalalari ham aks etgan. Endilikda ijtimoiy xodimlarning ish haqi va mukofotlari «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari uchun belgilangan toifalar asosida to‘lanadi. Ularning faoliyati samaradorligi ham muntazam baholab boriladi.

Eng muhim yangiliklardan biri uy-joy ta’minoti bilan bog‘liq. 2026-yil 1-oktabrdan boshlab hokimliklarning kommunal uy-joy fondidagi turar joylar birinchi navbatda davlat ta’minotida bo‘lgan, doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan va o‘z uyiga ega bo‘lmagan oilalarga ijara asosida beriladi. Bunda ijara to‘lovi jismoniy va yuridik shaxslar uchun har yili tasdiqlanadigan eng kam ijara stavkalarining 50 foizidan oshmasligi belgilandi.

Mazkur chora-tadbirlar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni jamiyatga moslashtirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va vaqtinchalik uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

6310

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→