Yangiliklar/Texnologiya

Telegram oʻzining .gram domen zonasini ishga tushirish uchun ariza berdi

Texnologiya 19 avgust, 16:00
Telegram oʻzining .gram domen zonasini ishga tushirish uchun ariza berdi

Telegram .gram yuqori darajadagi domen zonasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirdi. Bu haqda messenjer asoschisi Pavel Durov ma’lum qildi. Endilikda arizani internetdagi domen nomlarini taqsimlash bilan shug‘ullanuvchi ICANN korporatsiyasi ko‘rib chiqadi.

Durovning aytishicha, ariza ma’qullansa, Telegram o‘z foydalanuvchilariga shaxsiy ikkinchi darajali domenlar taqdim etishi mumkin. Masalan, @durov yoki @monk akkauntlari egalari durov.gram va monk.gram manzillaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Kompaniya Telegram platformasining o‘zida interaktiv saytlar yaratish vositalarini ham joriy etmoqchi. Rejaga ko‘ra, foydalanuvchilar hosting sozlamalari yoki dasturlash bilimlarisiz, oddiy matnli so‘rov orqali o‘z veb-sahifalarini ishga tushira oladi.

O‘z domen zonasiga ega bo‘lish Telegram’ning uchinchi tomon operatorlariga qaramligini kamaytiradi. Joriy yilning iyul oyida xizmatning t.me qisqa havolalari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgandi. Bu esa kompaniyaning o‘z internet infratuzilmasi ustidan nazoratni kuchaytirish zaruratini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.

Ariza ICANN’ning domen nomlari tizimini kengaytirish dasturi doirasida topshirilgan. Yakuniy qaror bir necha oy davomida ko‘rib chiqilishi mumkin, yangi domen zonalariga da’vogarlar ro‘yxati esa keyinroq e’lon qilinadi.

4590

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→