Yangiliklar/Jamiyat

Avgust oyi oxirigacha Shahrisabz koʻchasida alohida avtobus yoʻlagi yoʻlga qoʻyiladi

Jamiyat 18 avgust, 15:00
Avgust oyi oxirigacha Shahrisabz koʻchasida alohida avtobus yoʻlagi yoʻlga qoʻyiladi

Toshkentdagi Shahrisabz ko‘chasida BRT liniyasining birinchi bosqichini qurish ishlari 31-avgustgacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.

Ishlar Grand Mir Hotel yaqinidagi Shahrisabz, Mirabad va Shota Rustaveli ko‘chalari chorrahasidan Davlat san’at muzeyi yonidagi Amir Temur shohko‘chasigacha bo‘lgan 1,2 kilometrlik uchastkada olib borilmoqda. Hozirda mutaxassislar yo‘lning yangi asosini tayyorlash bilan shug‘ullanmoqda. Ajratilgan yo‘lakda yirik sig‘imli avtobuslar muntazam qatnayishi sababli yo‘l konstruksiyasining mustahkamligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Buning uchun mavjud yo‘l qoplamasi demontaj qilinib, yo‘l asosi qaytadan barpo etilmoqda. YHTM ma’lumotlariga ko‘ra, qazish ishlari ikki metrdan ortiq chuqurlikda amalga oshirilmoqda. Bu usul yo‘l ostida namlik to‘planishining oldini olish, tuproq cho‘kishi xavfini kamaytirish va qoplamaning xizmat muddatini uzaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tuproq va shag‘al qatlamlari orasiga geotekstil material yotqizilmoqda. Ushbu material yo‘l qatlamlari tuzilmasini saqlash, asosning barqarorligini oshirish hamda doimiy yuklama ta’sirida qoplama deformatsiyalanishining oldini olish imkonini beradi. Loyihalash jarayonida poytaxtda harakatlanayotgan avtobuslarning og‘irligi, qatnov intensivligi va kunlik reyslar soni ham hisobga olingan.

Qurilish ishlari yakunlangach, uchastkada BRT standartlariga mos oltita bekat barpo etiladi. Ularning uchtasi bir yo‘nalishda, yana uchtasi qarama-qarshi yo‘nalishda joylashadi. Ajratilgan avtobus yo‘lagi boshqa transport oqimidan bordyurlar yordamida ajratiladi.

YHTM ma’lum qilishicha, yangi uchastka 2025-yilda Shota Rustaveli ko‘chasida ishga tushirilgan ilk BRT liniyasining davomi bo‘ladi. Kelgusida tezkor avtobuslar yo‘lagi Shahrisabz ko‘chasi bo‘ylab Navoiy shohko‘chasi tomon yana uzaytirilishi rejalashtirilmoqda.

1,4640

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→