«Iblis Prada kiyadi 2» filmi Milanga sayyohlar oqimini oshirdi

Dunyo 14 avgust, 17:00
«Iblis Prada kiyadi 2» filmi Milanga sayyohlar oqimini oshirdi

"Iblis Prada kiyadi" filmi Milan turizmiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Cities Analytics tahliliy platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, filmda namoyish etilgan asosiy maskanlarga xorijiy sayyohlar tashrifi avvalgi davrga nisbatan 18 foizga oshgan.

Meril Strip, Enn Xeteuey, Emili Blant va Stenli Tuchchi ishtirokidagi mashhur film davomi 2026-yil may oyida namoyish etilgan. Kartinaning bir qator sahnalari Milan shahrida suratga olingan bo‘lib, shahar film voqealarining muhim qismida asosiy lokatsiyalardan biri sifatida tasvirlangan.

Tadqiqot mualliflari filmni Milanning markaziy qismiga xorijiy sayyohlar oqimini oshirgan asosiy omillardan biri deb baholamoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yoz mavsumida shahar markaziga qariyb 1,5 million nafar xorijiy mehmon tashrif buyuradi. Faqat avgust oyining o‘zida ularning soni 451 ming kishidan oshishi kutilmoqda. Premyeradan keyin xorijiy sayyohlar oqimi oyiga o‘rtacha 28,5 ming kishiga ko‘paygan.

Eng katta o‘sish Milan moda kvartalidagi Largo Kairoli maydoni va Palazzo Klerichi oralig‘ida qayd etilgan. Bu hududga tashrif buyuruvchilar soni 24 foizga oshgan. Viktor Emmanuel II galereyasi va Duomo maydoni hududida o‘sish 17 foizni, Brera akademiyasida 14 foizni, Via Montenapoleone ko‘chasida esa 13 foizni tashkil etgan.

Film ta’sirida Milanga kelgan sayyohlarning eng katta qismini AQSh fuqarolari tashkil qilgan. Keyingi o‘rinlarda Fransiya va Buyuk Britaniyadan kelgan mehmonlar qayd etilgan. Kartinada Italiya moda sanoatining taniqli vakillari ham ishtirok etgan. Xususan, Donatella Versache filmda rol ijro etgan, Dolce & Gabbana namoyishi esa maxsus suratga olingan.

Film tijorat nuqtayi nazaridan ham muvaffaqiyat qozondi. U AQSh prokatida 220,6 million dollar, dunyo bo‘yicha esa 691 million dollardan ortiq daromad keltirgan.

7260

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→