Yangiliklar/Jamiyat

Qoraqalpogʻistondagi 280 maktabga yangi ichimlik moslamalari oʻrnatiladi

Jamiyat 13 avgust, 12:00
Qoraqalpogʻistondagi 280 maktabga yangi ichimlik moslamalari oʻrnatiladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 280 ta maktabda ichimlik suvi qurilmalarini o‘rnatish va ularni avval o‘rnatilgan suvni tozalash tizimlariga ulash ishlari boshlandi. Loyiha Zamin xalqaro jamoat fondi tomonidan “Toza ichimlik suvi” tashabbusi doirasida amalga oshirilmoqda.

Maktab o‘quvchilarining xavfsiz ichimlik suvidan foydalanishini ta’minlash bolalar salomatligini saqlash, ta’lim olish uchun qulay sharoit yaratish va o‘quvchilarning hayot sifatini yaxshilashning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Loyiha, shuningdek, BMTning 4-Barqaror rivojlanish maqsadi — “Sifatli ta’lim” hamda 6-Barqaror rivojlanish maqsadi — “Toza suv va sanitariya” ko‘rsatkichlariga erishishga xizmat qiladi.

Mazkur tashabbus Qoraqalpog‘istonda 2023-yildan buyon Zamin fondi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “O‘zsuvta’minot” AJ, shuningdek BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va UNICEF ko‘magida amalga oshirib kelinmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi aholi va ijtimoiy muassasalarning toza hamda xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Bu, ayniqsa, sifatli ichimlik suvi ta’minotida muammolar mavjud hududlar uchun muhim ahamiyatga ega.

Fond ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha Qoraqalpog‘istondagi 280 ta umumta’lim maktabini qamrab oladi. Shundan:

  • 180 ta maktab dasturga 2023-2024-yillarda kiritilgan;
  • 100 ta maktab esa 2024-2025-yillarda loyihaga qo‘shilgan.

Ta’lim muassasalarida zamonaviy suv tozalash tizimlari o‘rnatilmoqda. Shu bilan birga, pedagoglar va texnik xodimlar uchun uskunalardan foydalanish, sanitariya va gigiyena masalalari bo‘yicha maxsus o‘quv seminarlar tashkil etilmoqda.

Loyiha doirasida o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etishni targ‘ib qiluvchi ta’lim dasturlari ham o‘tkazilmoqda. Avvalroq Nukus shahrida UNICEF ekspertlari ishtirokida maktablarda suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena masalalariga bag‘ishlangan maxsus treninglar tashkil etilgan edi.

2380

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→