Yangiliklar/Iqtisod

Nooziq-ovqat mahsulotlari ustidan nazoratning yangi tartibi tasdiqlandi

Iqtisod 12 avgust, 15:30
Nooziq-ovqat mahsulotlari ustidan nazoratning yangi tartibi tasdiqlandi

Oliy Majlis Senati O‘zbekistonda nooziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini nazorat qilishning yangi tizimini joriy etuvchi “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Islohotning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, davlat endilikda tadbirkorlar faoliyatini emas, avvalo mahsulotning o‘zini nazorat qiladi.

Agar hozirgacha tekshiruvlar asosan biznes subyektlariga nisbatan o‘tkazilgan bo‘lsa, qonun kuchga kirgach, e’tibor savdoda bo‘lgan mahsulotlarga qaratiladi. Bu yondashuv mahsulot bozorga chiqarilgandan keyin uning xavfsizligini monitoring qilishni nazarda tutuvchi xalqaro Market Surveillance (bozor nazorati) modeliga mos keladi.

Shu bilan birga, nazorat faqat nooziq-ovqat mahsulotlariga tatbiq etiladi. Quyidagilar qonun doirasiga kirmaydi:

  • oziq-ovqat mahsulotlari;
  • yem va yem qo‘shimchalari;
  • dori vositalari va veterinariya preparatlari;
  • alkogol va tamaki mahsulotlari;
  • narkotik hamda psixotrop moddalar;
  • hayvonlar va o‘simliklar;
  • harbiy maqsaddagi mahsulotlar;
  • yadroviy materiallar;
  • antiqa buyumlar va san’at asarlari;
  • foydalanishdan oldin ta’mirlash yoki tiklashni talab qiladigan mahsulotlar.

Qonunning eng muhim yangiliklaridan biri “iqtisodiy operator” tushunchasining joriy etilishidir. Bu toifaga mahsulotni realizatsiya qilish zanjiridagi barcha ishtirokchilar kiradi:

  • ishlab chiqaruvchi;
  • import qiluvchi;
  • sotuvchi.

Bu degani, xavfli yoki sifatsiz mahsulot aniqlansa, javobgarlik faqat uni sotgan do‘kon zimmasiga emas, balki mahsulotni ishlab chiqargan yoki mamlakatga olib kirgan kompaniyaga ham yuklanishi mumkin.

Yangi tizim ommaviy tekshiruvlarga emas, balki xatarlarni baholash tamoyiliga asoslanadi. Xavfli mahsulotlarni aniqlash maqsadida bozor nazorati organlari:

  • nazorat xaridlarini amalga oshirishi;
  • ekspertiza va laboratoriya sinovlarini tashkil etishi;
  • bozor monitoringini olib borishi;
  • aniqlangan qoidabuzarliklar sabablarini o‘rganishi;
  • majburiy talablarga javob bermaydigan mahsulotlarga nisbatan choralar ko‘rishi mumkin.

Agar mahsulot iste’molchilar uchun xavf tug‘dirsa yoki belgilangan talablarga javob bermasa, quyidagi choralar qo‘llanilishi mumkin:

  • mahsulotni muomalaga chiqarishni to‘xtatib turish;
  • mahsulotni bozordan qaytarib olish;
  • savdodan olib qo‘yish;
  • undan foydalanishni taqiqlash yoki cheklash.

Agar xatarlarni boshqarish tizimi yoki nazorat natijalari mahsulot majburiy talablarga javob bermasligi mumkinligini ko‘rsatsa, bojxona organlari uning erkin muomalaga chiqarilishini vaqtincha to‘xtatib turish huquqiga ega bo‘ladi. Shundan so‘ng bozor nazorati organlari uch ish kuni ichida tekshiruv o‘tkazishi kerak. Zarurat tug‘ilganda mutaxassislar:

  • mahsulot saqlanayotgan joyga chiqishi;
  • namunalar olishi;
  • ularni ekspertiza yoki sinovlarga yuborishi mumkin.

Qoidabuzarliklar tasdiqlansa, mahsulotga nisbatan qonunda nazarda tutilgan cheklovlar qo‘llanadi.

Islohotning yana bir muhim qismi Bozor nazoratining milliy axborot tizimini ishga tushirish bo‘ladi. Ushbu tizimda quyidagi ma’lumotlar jamlanadi:

  • o‘tkazilgan tekshiruvlar;
  • aniqlangan qoidabuzarliklar;
  • qabul qilingan qarorlar;
  • shikoyatlar ko‘rib chiqilishi natijalari.

Shuningdek, Yevropadagi Safety Gate tizimi namunasi asosida xavfli mahsulotlarning raqamli “qora ro‘yxati” yaratilishi rejalashtirilmoqda. Bu davlat organlari, biznes vakillari va iste’molchilarga xavfli deb topilgan yoki bozordan qaytarib olingan mahsulotlar haqida tezkor ma’lumot olish imkonini beradi.

1,0720

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→