Yangiliklar/Jamiyat

Toshkent shahridagi Newport turar-joy majmuasida oltita bino roʻyxatdan oʻtmasdan qurilgan

Jamiyat 5 avgust, 11:36
Toshkent shahridagi Newport turar-joy majmuasida oltita bino roʻyxatdan oʻtmasdan qurilgan

Toshkentning Yakkasaroy tumanida barpo etilayotgan Newport turar joy majmuasida qonunchilik talablariga zid holatlar aniqlandi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, majmua hududida jami to‘qqizta blok qurilmoqda. Shundan faqat uchta blok bo‘yicha Arxitektura-shaharsozlik kengashining ijobiy xulosalari olingan va qurilish ishlari hududiy inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Qolgan oltita blokda esa qurilish-montaj ishlari belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan olib borilgan. Ushbu holatlar nazorat tadbirlari davomida aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, buyurtmachi hisoblangan Mega Logistics Service kompaniyasiga bir necha bor yozma ko‘rsatmalar berilib, qurilish ishlarini tegishli hujjatlar asosida olib borish hamda obyektlarni inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilingan. Biroq kompaniya mazkur talablarni bajarmagan. Shundan so‘ng mas’ul mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Buyurtmachining texnik nazorat bo‘yicha mutaxassisiga nisbatan ham tegishli choralar ko‘rilgan.

Inspeksiya tomonidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Newport loyihasi avvalroq Yakkasaroy tumanidagi “Damariq” mahallasida joylashgan uy buzilishi bilan bog‘liq mojaro sabab jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi. Toshkent shahar prokuraturasi ushbu loyiha bilan shug‘ullanuvchi Mega Logistics Service mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Nizo 2,75 sotix yer maydonida joylashgan xonadon bilan bog‘liq bo‘lgan. Sud qaroriga ko‘ra, yer uchastkasi olib qo‘yilishi va mulkdorlarga 2,28 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lanishi belgilangan. Biroq uy egalari tovon puli miqdoridan norozi bo‘lib, uyini tark etishdan bosh tortgan.

Keyinchalik uy buzib tashlangan. Oila vakillari esa kompensatsiya yangi uy sotib olish uchun yetarli emasligini bildirib, yordam so‘rab murojaat qilgan. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, quruvchi ushbu hududda tegishli ruxsatlarsiz bir nechta ko‘p qavatli binolarni ham qurgan.

6520

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→