Venesuela sohillari yaqinida kuchli zilzilalar yuz berdi

Dunyo 25 iyun, 11:39
Venesuela sohillari yaqinida kuchli zilzilalar yuz berdi

24-iyun kechqurun Venesuela sohillari yaqinida magnitudasi 7,2 va 7,5 bo‘lgan ikkita kuchli zilzila yuz berdi. Yer silkinishlari bir daqiqadan kam vaqt oralig‘ida sodir bo‘lib, mamlakatning bir necha hududlarida keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 32 kishi halok bo‘lgan, 700 dan ortiq odam jarohat olgan. Rasmiylar qurbonlar soni vayronalar ostidan qidiruv ishlari davom etar ekan, oshishi mumkinligini bildirmoqda.

Yer silkinishlari mamlakat shimoliy sohilida, Yarakuay shtati hududida, Moron shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Ular poytaxt Karakas va qo‘shni hududlarda ham sezilgan. Eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud — sohilbo‘yi La‑Guayra shtati. Bu yerda o‘nlab binolar, jumladan turar joylar va mehmonxona qulab tushgan. Karakasda ham qisman qulashlar va infratuzilmaning jiddiy shikastlanishi qayd etilgan.

Vayronagarchilik sababli Simon Bolivar nomidagi xalqaro aeroport yopildi. Shuningdek, maktablar faoliyati to‘xtatildi, tibbiyot xodimlariga esa zudlik bilan shifoxonalarga kelib, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish chaqiruvi berildi.

Prezident vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi va fuqarolarni tinchlik saqlashga chaqirdi. AQSH Geologiya xizmati (USGS) bahosiga ko‘ra, oqibatlar bundan ham og‘irroq bo‘lishi mumkin: baholash tizimi minglab qurbonlar ehtimolini va infratuzilmaning yirik zarar ko‘rishini istisno qilmaydi.

Zilzilalar bayram kuni sodir bo‘lgan, shu sabab ko‘pchilik uyda bo‘lgan va bu jabrlanganlar sonining ortishiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Xalqaro agentliklar ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu yer silkinishlari Venesuelada so‘nggi 100 yildan ortiq davr ichidagi eng kuchlilaridan biri hisoblanadi.

Qutqaruv ishlari davom etmoqda. Mintaqa davlatlari va AQSH Venesuelaga gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirgan.

6170

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→