Yangiliklar/Jamiyat

Fargʻonada Milliy bankning sobiq xodimi 1,5 milliard soʻmni oʻgʻirlagani uchun 8,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Jamiyat 13 iyun, 10:09
Fargʻonada Milliy bankning sobiq xodimi 1,5 milliard soʻmni oʻgʻirlagani uchun 8,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Farg‘onada Milliy bank sobiq xodimi yirik miqdordagi o‘g‘rilikda aybdor deb topildi. Sudga ko‘ra, u mijozlar va bank mablag‘laridan jami 1,5 mlrd so‘mdan ortiq pulni o‘zlashtirgan.

U 2006-yildan 2024-yilgacha bank tizimida ishlagan va plastik kartalar hamda chakana operatsiyalar bo‘limini boshqargan.

2019–2024 yillarda u xizmat vakolatlari va xodimlar akkauntlaridan foydalangan. UzCard kartalarini Humo tizimiga almashtirish vaqtida mijoz hisoblarida soxta qoldiq yaratib, pullarni boshqa kartalarga o‘tkazgan va bankomatlardan yechib olgan. Natijada 113 nafar mijozning 641 mln so‘mdan ortiq mablag‘i o‘g‘irlangan.

Sud alohida epizodni ham ko‘rib chiqdi. 2023-yil aprelidan dekabrigacha sobiq xodim yetti marta bankomatlarni ochgan.

U oldindan saqlab qo‘yilgan kalit yordamida seyfni ochib, pulning bir qismini olgan va izlarni yashirish uchun plomba joylarini elim bilan qayta tiklagan. Bu usulda yana 845 mln so‘m o‘g‘irlangan.

Bank tekshiruvida 641,2 mln so‘mlik 137 ta ishlov berilmagan tranzaksiya va 845 mln so‘mdan ortiq kamomad aniqlangan. Jabrlanganlar orasida nafaqaxo‘r ayol ham bor. Uning kartasidan 22 mln so‘mdan ortiq pul noqonuniy yechib olingan. Sud vaqtida zarar qoplanmagan.

Ayblanuvchi oʻz aybiga iqror boʻldi. Sud buni yengillashtiruvchi holat sifatida inobatga olib:

  • 8 yil 6 oy umumiy rejimdagi koloniyada;
  • 3 yil muddatga banklarda rahbarlik va moliyaviy javobgar lavozimlarda ishlashni taqiqlanadi.

Shuningdek, jabrlanuvchi foydasiga 26,1 million soʻm va bank foydasiga 1,5 milliard soʻmga yaqin pul undirildi.

5560

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→