O‘zbekistonda saraton kasalliklarini davolash tizimi yangilanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev onkologik va gematologik kasallikka chalingan bemorlarga tibbiy yordamni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi. Asosiy e’tibor saratonni erta aniqlashga qaratilgan. Shu maqsadda skrining qamrovini 60 foizga yetkazish, shuningdek, bemorlarning besh yillik yashab qolish ko‘rsatkichini 35 foizdan 45 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.
2027-yildan boshlab Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ishtirokida ishlab chiqilgan milliy saratonga qarshi kurash dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Birlamchi bo‘g‘in shifokorlari kasallikni erta aniqlash va bemorlarni tezda ixtisoslashtirilgan muassasalarga yo‘naltirish bo‘yicha qayta tayyorlanadi. Davolash jarayonida xalqaro standartlar va jamoaviy yondashuv qo‘llaniladi.
Hududlarda erta diagnostika va tezlashtirilgan tekshiruv tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, eskirgan nurlantirish uskunalari zamonaviy lineer tezlatgichlar bilan almashtiriladi.
Palyativ yordamni 2030-yilgacha kamida 80 foiz ehtiyojmand aholiga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun uy sharoitida xizmat ko‘rsatadigan mobil brigadalar tashkil etiladi va barcha hududlarda xospislar tarmog‘i kengaytiriladi. Toshkentdagi xospis muvofiqlashtiruvchi markaz bo‘ladi, Samarqand viloyatida esa bolalar uchun alohida muassasa ochiladi.
Og‘ir kasallikka chalingan bemorlar uchun nogironlikni rasmiylashtirish tartibi soddalashtiriladi — qo‘shimcha tekshiruvlarsiz. Shuningdek, ularga uy parvarishi uchun zarur vositalar bilan ta’minlanadi.
Reja doirasida mahalla darajasida yordam tizimi kengaytiriladi va bemorlar oilalari uchun «Oilaviy qo‘llab-quvvatlash» xizmati joriy etiladi. Gematologiya yo‘nalishida erta aniqlash darajasini 60 foizga yetkazish, transplantatsiya uchun kutish muddatini ikki baravar qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari ham ko‘riladi. 15 yildan ortiq ish stajiga ega xodimlarga farzandlari o‘qishi va ipoteka boshlang‘ich badali uchun qisman kompensatsiya berish rejalashtirilgan.
Tavsiya etamiz

Uzbekistan Airways Rossiyaga reyslarni kamaytirmoqda

Toshkent viloyatida 344 ta yoʻl harakati qoidalarini buzgan Spark topildi

Oʻzbekistonda har bir sayyoh uchun toʻlovlar yoʻlga qoʻyiladi

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sek Yol dron ishi boʻyicha 30 yilga qamaldi
