Yangiliklar/Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Chirchiq texnoparkidagi “Kmita Polimers” korxonasiga tashrif buyurdi

Siyosat 2 iyun, 11:21
Shavkat Mirziyoyev Chirchiq texnoparkidagi “Kmita Polimers” korxonasiga tashrif buyurdi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Chirchiq kimyo-sanoat texnoparkida joylashgan “Kmita Polimers” korxonasiga tashrif buyurdi. Loyiha Rossiyaning “Polymers” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bo'lib, keng turdagi polietilen plyonkasi ishlab chiqarishga moʻljallangan.

Plyonka mahsulotlari oziq-ovqat, maishiy texnika, qurilish materiallari, farmatsevtika vositalari va boshqa tovarlarni saqlash hamda tashishda qo‘llanilib, ularni tashqi ta’sirlardan himoya qiladi.

Korxona 6 670 kvadrat metr maydonni egallagan. Bu yerda Italiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan bo‘lib, turli xil polimer va termoqisqaruvchi plyonka mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi natijasida qariyb 9,5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish ta’minlandi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Umumiy investitsiya hajmi 15,2 million dollarni tashkil etadi, shundan 7,4 million dollari birinchi bosqichda o‘zlashtirilgan.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, korxonada 115 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Eksport hajmi 6 million dollarni tashkil etib, mahsulotlar Markaziy Osiyo davlatlariga yetkazib berilmoqda. Korxona mahsulotlari Coca-Cola, Pepsi, Flash, «Chernogolovka», Ackerman, Asl Oyna, Biolife va Family Group kabi yirik brendlar qadoqlashida qo‘llanilmoqda.

Qayd etilishicha, qadoqlash sanoati eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri bo‘lib, ishlab chiqarish hajmlarining oshishi mahsulotlarni saqlash, tashish va yetkazib berish talablari ortishiga olib kelmoqda.

2930

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→