Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekistonda o‘qituvchilar, tadbirkorlar va ish beruvchilar uchun yangi subsidiyalar joriy etildi

Siyosat 12 may, 23:06
O‘zbekistonda o‘qituvchilar, tadbirkorlar va ish beruvchilar uchun yangi subsidiyalar joriy etildi

O‘zbekistonda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar va foizsiz ssudalar ajratish tartibi tasdiqlandi. Yangi mexanizm aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va bandlikni oshirishga qaratilgan.

Hujjatga ko‘ra, o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalari xalqaro va milliy sertifikat olish uchun qilgan xarajatlarining 50 foizini davlat qoplab beradi. Qoplama miqdori BHMning 20 baravarigacha (8,2 mln so‘mgacha) yetadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga tadbirkorlik boshlash yoki faoliyatini kengaytirish uchun 3 yilgacha, 6 oylik imtiyozli davr bilan foizsiz ssuda ajratiladi. Ushbu mablag‘ (75 BHMgacha, taxminan 30,9 mln so‘m) jihozlar, asboblar, xomashyo va internet xizmatlariga sarflanishi mumkin.

Ish beruvchilar uchun quyidagi subsidiyalar nazarda tutilgan:

  • ish joylarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish — 40 BHMgacha;
  • xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish — 6 oy davomida har oy 4 BHM;
  • ijtimoiy ehtiyojmand toifalarni ishga qabul qilish — 12 oy davomida har oy 2 BHM;
  • jazodan ozod qilingan shaxslarni ishga olganda — 3 oydan so‘ng bir martalik 3 BHM.

Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvargacha malaka baholash markazlari tashkil etgan tadbirkorlar xarid qilingan uskunalar xarajatining 30 foizigacha kompensatsiya (200 BHMgacha) olishlari mumkin.

Arizalar my.gov.uz, “Yagona milliy mehnat tizimi” va “Online mahalla” platformalari orqali qabul qilinadi.

6050

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→