Oʻzbekiston tashabbusi bilan Islomobodda Bobur bogʻi barpo etilmoqda

Dunyo 12 may, 11:04
Oʻzbekiston tashabbusi bilan Islomobodda Bobur bogʻi barpo etilmoqda

Pokiston poytaxti Islomobod shahrida O‘zbekiston tashabbusi bilan "Bobur" bog‘i qurilishi davom etmoqda. Mazkur loyiha zamonaviy dam olish maskani sifatida barpo etilishi bilan birga, ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni aks ettiruvchi ramz bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Islomobod shahar ma’muriyati raisi Sohail Ashraf bilan uchrashdi. Tomonlar bog‘ni qurilishi, «Toshkent» ko‘chasi loyihasi hamda hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Muloqot davomida Pokiston tomoniga 2026-yil iyun oyida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Birodarlashgan shaharlar forumi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Islomobod, Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Rasmiy uchrashuvdan so‘ng delegatsiya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi doirasida e’lon qilingan "Bobur" bog‘i qurilish maydoniga tashrif buyurdi.

Elchi ta’kidlashicha, qurilish ishlari o‘zbekistonlik mutaxassislar va dizaynerlar nazorati ostida olib borilmoqda. Loyihada ekologik yechimlar va zamonaviy landshaft ishlanmalariga alohida e’tibor qaratilgan.

“Kelgusida ushbu bog‘ ikki xalq o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va birodarlik timsoliga aylanadi”, — dedi Alisher To‘xtayev.

Islomobod ma’muriyati rahbari Sohail Ashraf loyihani yuqori baholab, O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. Uning fikricha, qurilish yakunlangach, bog‘ mamlakatdagi eng zamonaviy va jozibador maskanlardan biriga aylanishi mumkin.

Shuningdek, Pokiston tomoni shahar obodonlashtirish yo‘nalishida o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Tashrif davomida tomonlar Islomoboddagi "Toshkent" ko‘chasi loyihasini ham ko‘zdan kechirib, uni zamonaviy shahar ko‘chalaridan biriga aylantirish bo‘yicha keyingi rejalarni belgilab oldilar.

2860

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→