Yangiliklar/Jamiyat

Navoiyda 14 nafar bola bo‘lgan Matiz YTHga uchradi, haydovchi vafot etdi

Jamiyat 6 may, 18:36
Navoiyda 14 nafar bola bo‘lgan Matiz YTHga uchradi, haydovchi vafot etdi

Navoiy viloyatida 14 nafar bola bo‘lgan Matiz avtomobili ishtirokida og‘ir yo‘l‑transport hodisasi sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida avtomobilni boshqarib kelayotgan 34 yoshli ayol vafot etdi.

YHXX ma’lumotiga ko‘ra, voqea 5-may kuni ertalab Nurota tumanida yuz bergan. Ayol oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lib, 13 nafar tarbiyalanuvchi hamda o‘zining 3 oylik chaqalog‘ini bog‘chaga olib ketayotgan bo‘lgan. Umumiy hisobda avtomobilda 15 kishi bo‘lgan.

Halokat “Yangi hayot” MFY hududidan o‘tuvchi yo‘lning 8–9 kilometr oralig‘ida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi tegishli hujjatlarsiz transport boshqargan. Tajriba yetishmasligi va chalg‘ish oqibatida u rul boshqaruvini yo‘qotib, avtomobilni yo‘lning chap tomoniga chiqarib yuborgan va transport vositasi ag‘darilgan.

Jarohatlangan haydovchi shifoxonaga olib borilganiga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

Avtomobildagi bolalar turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Ulardan biri og‘ir ahvolda bo‘lib, koma holatida ekani aytilmoqda. Yana sakkiz nafar bola viloyat markazidagi shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur hodisa bolalarni tashish xavfsizligi va oilaviy bog‘chalar faoliyatiga doir nazorat masalalarini yana kun tartibiga olib chiqdi. Mutaxassislar bunday holatlar transport, xavfsizlik va nazorat tizimlariga yanada jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.

Hozirda ushbu hodisa yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

3790

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→