Yaponiya kompaniyalari har yili O‘zbekistondan 1000 nafargacha ishchi yollashga tayyor

Dunyo 28 aprel, 10:31
Yaponiya kompaniyalari har yili O‘zbekistondan 1000 nafargacha ishchi yollashga tayyor

Yaponiyaning Proud Partners, Izumi Logistics va Company Action kompaniyalari har yili O‘zbekistondan 1000 nafargacha ishchini ishga qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida ma’lum qilindi. Uchrashuv O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatning Yaponiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.

Muzokaralarda O‘zbekiston fuqarolarini yapon tiliga o‘qitish, kasbiy tayyorlash va ularni Yaponiyadagi kompaniyalarga ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi. Asosiy e’tibor transport va logistika sohalariga, xususan, haydovchilarni tayyorlash yo‘nalishiga qaratildi.

Yapon tomoni ma’lumotiga ko‘ra, zarur malaka va til tayyorgarligiga ega mutaxassislar bo‘lsa, yiliga ming nafargacha ishchini qabul qilish imkoniyati mavjud. Kadrlarni tayyorlash jarayoni O‘zbekistondagi o‘quv markazlari bilan hamkorlikda olib borilmoqda.

Hozirda Angren shahrida faoliyat yuritayotgan Uzbekistan Proud Academy o‘quv markazida qariyb 100 nafar tinglovchi tahsil olmoqda. 2026 yil davomida ushbu ko‘rsatkichni 300 nafarga yetkazish va o‘quv yo‘nalishlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, joriy yil aprel oyida Proud Partners kompaniyasi prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Safar davomida loyiha faoliyati bilan tanishish, hamkorlikni kengaytirish va yangi dasturlarni ishga tushirish masalalari muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ta’lim olayotgan yoshlar uchun alohida dastur ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu dastur yapon tilini o‘rgatish, kasbiy tayyorgarlik va keyinchalik Yaponiyada ish bilan ta’minlashni o‘z ichiga oladi.

2460

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→