Yangiliklar/Iqtisod

Golden House mijozlariga shikoyatlar ortidan 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarildi

Iqtisod 20 aprel, 17:15
Golden House mijozlariga shikoyatlar ortidan 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarildi

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Golden House qurilish kompaniyasi faoliyati bo‘yicha tushayotgan murojaatlar soni sezilarli ekanini ma’lum qildi. 2025 yil va 2026 yilning dastlabki oylarida idoraga ko‘chmas mulk xaridorlaridan qariyb yuzga yaqin shikoyat kelib tushgan. Ular asosan ko‘rsatilgan xizmatlar sifati, shartnoma shartlari va majburiyatlarni bajarish muddatlari bilan bog‘liq.

Tekshiruvlar va sudgacha hal etish jarayonlari yakunida 54 ta murojaat iste’molchilar foydasiga hal qilingan. Natijada kompaniya mijozlarga umumiy hisobda 1,1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni qaytargan. Mablag‘lar tomonlar o‘rtasidagi mediatsiya jarayonlari va huquqbuzarliklar tasdiqlanganidan so‘ng undirilgan.

Qo‘mitada qayd etilishicha, murojaatlar oqimi hanuz saqlanib qolmoqda. 2026 yil boshidan buyon qo‘shimcha 34 ta shikoyat ro‘yxatga olingan. Ularning bir qismi hozirda ko‘rib chiqilmoqda, qolganlari bo‘yicha esa dastlabki tahlil olib borilib, qurilish kompaniyasidan tushuntirishlar so‘ralgan.

Idora vakillari har bir murojaat alohida tartibda ko‘rib chiqilishini ta’kidladi. Iste’molchilar huquqlari buzilgani aniqlangan hollarda qonunchilikda belgilangan choralar ko‘riladi, jumladan, kamchiliklarni bartaraf etish yoki yetkazilgan zararlarni qoplash majburiyati yuklanadi.

Shuningdek, qo‘mita fuqarolarga ko‘chmas mulk xarid qilishda shartnomalar shartlarini diqqat bilan o‘rganish va kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda vakolatli organlarga o‘z vaqtida murojaat qilishni tavsiya qildi.

3880

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→