Yangiliklar/Siyosat

Elektron qurilmalar Rossiya chegarasida tekshiriladi

Siyosat 19 aprel, 12:35
Elektron qurilmalar Rossiya chegarasida tekshiriladi

Rossiya davlat chegarasini kesib o‘tishda chegarachilar Rossiya fuqarolari va xorijiy davlatlar fuqarolarining elektron qurilmalarini ko‘zdan kechirish huquqiga ega bo‘ldi. Tekshiruvga smartfonlar, noutbuklar, planshetlar va boshqa axborot tashuvchilar tushishi mumkin.

Bu haqda Tojikiston Mehnat vazirligining Rossiyadagi vakolatxonasi Rossiya FXX Chegara xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berdi. Qayd etilishicha, yangiliklar “Rossiya Federatsiyasi Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga asoslangan bo‘lib, ular chegara organlarining shaxsiy buyumlarni ko‘zdan kechirish bo‘yicha vakolatlarini kengaytirdi.

Gadjetlar tarkibini tekshirish asos bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi va xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, ekstremizm hamda kontrabandaga qarshi kurashish maqsadida o‘tkaziladi. Hozircha rasmiy tushuntirishlar va tuzatishlarning to‘liq matni ochiq manbalarda e’lon qilinmagan.

Qurilmani qulfdan chiqarishdan bosh tortish mansabdor shaxsning qonuniy talabiga bo‘ysunmaslik sifatida baholanishi mumkin. Bunday holatda Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining 18.7-moddasi qo‘llaniladi. Unga ko‘ra, 5 mingdan 7 ming rublgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi nazarda tutilgan.

Rossiyaga safar rejalashtirayotgan fuqarolarga chegara nazoratidan o‘tishda ushbu talablarni inobatga olish tavsiya etiladi.

3280

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→