Interpol Oʻzbekiston iltimosiga koʻra xalqaro qidiruv e’lon qildi

O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari jinoyat va sud jarayonlarida nomlari tilga olinayotgan ikki shaxsni xalqaro qidiruvga berish bo‘yicha Interpolga so‘rov yubordi. Interpolning xalqaro ma’lumotlar bazasiga tadbirkor Vladimir Dobrinin hamda xorijiy nodavlat notijorat tashkilotida rahbarlik lavozimini egallab kelayotgan Ravshan Muxitdinovga nisbatan “qizil bildirishnomalar” joylashtirildi.
52 yoshli Vladimir Dobrinin Humans ekotizimining asoschisi sifatida tanilgan. O‘zbekistonda u noqonuniy qimor faoliyatini tashkil etish hamda pul mablag‘larini legallashtirish bilan bog‘liq ishlarda tilga olinmoqda. Shu bilan birga, uning nomi Toshkent shahridagi tuman sudlaridan birida ko‘rib chiqilayotgan korporativ nizoda ham ishtirok etmoqda.
Sud jarayoni doirasida investor Maksim Sditanov kompaniyada nazorat paketini tan olishni talab qilib, loyiha rivojiga qariyb 13 million dollar sarmoya kiritganini ma’lum qilgan. Ishni ko‘rib chiqish chog‘ida ushbu mablag‘lar hisobiga yaratilgan dasturiy mahsulotlardan keyinchalik qanday foydalanilayotgani, shuningdek javobgarning O‘zbekiston hududida sezilarli aktivlarga ega emasligi masalalari ko‘tarilgan. Dobrinning sud majlislariga shaxsiy tushuntirish berish uchun bir necha bor kelmaganidan so‘ng, uni xalqaro qidiruvga berish bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Shu bilan birga, Interpol orqali qidirilayotganlar ro‘yxatiga 37 yoshli Ravshan Muxitdinov ham kiritildi. Hozirda u Turkiyada istiqomat qilib, Istanbulda joylashgan Nogironligi bo‘lgan shaxslar butunjahon jamg‘armasida (DEV) moliya bo‘yicha vitse‑prezident lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Xorijdagi jamoat faoliyatiga qaramay, O‘zbekistonda Muxitdinov og‘ir jinoyatlar bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida ko‘rsatilgan. Tergov materiallarida qurollangan uyushgan guruhni tuzish yoki unda ishtirok etish, mol‑mulkni qasddan yo‘q qilish hamda bezorilik bilan bog‘liq moddalar qayd etilgan.
Avvalroq O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ sobiq rahbari Dilshod Axmedovni ham xalqaro qidiruvga bergan edi. U 2024‑yil oktyabridan 2025‑yil avgustigacha korxonaga rahbarlik qilgan davrida juda katta miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilishda gumon qilinmoqda.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Buxoro viloyatida 500 million dollarlik turizm klasteri barpo etiladi

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi
