Samarqandda chaqalog‘ini 85 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayolga shartli jazo tayinlandi

Samarqand shahrida yangi tug‘ilgan o‘g‘lini 85 ming dollarga sotishga uringan 27 yoshli ayol sudlandi. Sud unga yetti yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi, biroq jazoni shartli deb hisoblab, uch yillik sinov muddati belgiladi.
Sudlanuvchi Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalaridan birining 5-bosqich talabasi bo‘lgan. Ish hujjatlariga ko‘ra, u 2025-yil noyabrda uchinchi farzandiga homilador bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘i bilan kelishmovchilikdan so‘ng ota-onasining uyiga ko‘chib o‘tgan.
Ayol sudda qarzlari ko‘paygani va moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelganini aytgan.
Xaridorlar Telegram orqali topilgan
2026-yil iyulda ayol Telegram’dagi «Surrogat ona» guruhiga qo‘shilgan. Guruh administratori unga chaqaloq uchun 70 mingdan 90 ming dollargacha pul to‘lashga tayyor xaridorlarni topib berishni taklif qilgan.
Tomonlar dastlab 90 ming dollarga kelishgan.
Iyul oyi oxirida ayol Samarqanddagi tug‘ruqxonalardan birida kesarcha kesish yo‘li bilan o‘g‘il farzandli bo‘lgan. Tug‘ruqdan keyin u qarorini o‘zgartirib, bolasini bermasligini bildirgan videomurojaat yozgan va uni xaridorlarga yuborgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, shundan so‘ng guruh administratori videoni internetga tarqatish bilan tahdid qilgan. U ayolni pul olib, bolani bermagan firibgar sifatida ko‘rsatishini aytgan.
Oshkor bo‘lishdan qo‘rqqan ayol tug‘ruqxona manzilini yuborgan.
Pul tug‘ruqxona oldida berilgan
Tibbiyot muassasasi oldiga avtomobilda ikki erkak va bir ayol kelgan. Ular pulni chaqaloqni ko‘rgandan keyingina berishini aytib, ayoldan bolani tashqariga olib chiqishni talab qilgan.
Shifokorlar unga chaqaloq bilan tug‘ruqxonani tark etishga ruxsat bermagan. Shunga qaramay, ayol o‘g‘lini o‘z javobgarligi ostida Toshkentga olib ketayotgani haqida tilxat yozib, bola bilan tashqariga chiqqan.
Avtomobil ichida undan yana bir tilxat olingan. Shundan so‘ng ayolga ichida 85 ming dollar borligi aytilgan pul o‘rami topshirilgan.
Pulni olayotgan paytda ayol Samarqand shahar ichki ishlar organlarining jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan ushlangan. Pul ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Ishga oid ochiqlangan ma’lumotlarda dastlabki 90 ming dollarlik kelishuv nima sababdan 85 ming dollarga o‘zgargani izohlanmagan.
Sud nima uchun shartli jazo tayinladi?
Sud majlisida ayol aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan. U turmush o‘rtog‘idan ajralgach, farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgani va sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolari borligini ham ma’lum qilgan.
Sud uni Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topgan. Mazkur norma og‘irlashtiruvchi holatlarda odam savdosi uchun javobgarlikni belgilaydi.
Ushbu qism bo‘yicha 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Biroq sud aybga iqrorlik, pushaymonlik, oilaviy sharoit va sog‘liq bilan bog‘liq holatlarni yengillashtiruvchi omillar sifatida baholagan.
Jinoyat kodeksining 57 va 72-moddalari qo‘llanib, ayolga yetti yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shu bilan birga, jazo shartli deb hisoblanib, uch yillik sinov muddati belgilangan.
Bu ayolga uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilganini anglatmaydi. U yetti yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilingan va uch yil davomida sud belgilagan talablarni bajarishi kerak.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev Maskatdan Toshkentga jo‘nab keldi

Jensen Huang Nvidia rahbarligiga qaytishga tayyorligini bildirdi

Birjada AI-92 benzini bir kunda 7,1 foizga qimmatlashdi

Navoiyda ko‘cha poygalarini Instagram’ga joylagan yoshlar qamaldi
