Yangiliklar/Jamiyat

Navoiyda ko‘cha poygalarini Instagram’ga joylagan yoshlar qamaldi

Jamiyat 18 noyabr, 17:31
 Navoiyda ko‘cha poygalarini Instagram’ga joylagan yoshlar qamaldi

Navoiy viloyatida davlat raqami yechilgan avtomobillarda drift va ko‘cha poygalari uyushtirib, videolarni Instagram’ga joylagan yoshlar javobgarlikka tortildi. Sud ularning harakatlarini mayda bezorilik deb baholab, ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Videolarda ko‘ringan qurol tekshiruv vaqtida soxta ekani aniqlangan. Avtomobillar jarima maydoniga joylashtirilgan.

Videolar obunachi to‘plash uchun olingan

Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 22 va 24 yoshli ikki fuqaro Instagram’da sahifalar ochib, avtomobil poygalari hamda qurol tasvirlangan videolarni muntazam e’lon qilib borgan.

Keyinchalik ularga Karmana tumani va Navoiy shahrida yashovchi yana sakkiz nafar avtomobil ishqibozi qo‘shilgan.

E’lon qilingan videolarda ishtirokchilar oynalari qoraytirilgan va davlat raqami olib tashlangan avtomobillarda drift qilgan. Ayrim kadrlarda o‘qotar qurolga o‘xshash buyum ham ko‘rsatilgan.

«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari davomida videolardagi shaxslar aniqlangan. Avtomobillar ko‘zdan kechirilganda, roliklarda namoyish etilgan qurol haqiqiy emasligi ma’lum bo‘lgan.

Mashinalar jarima maydoniga olib ketilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudiga yuborilgan.

Ishtirokchilardan biri ishidan ayrilgan

Sud majlisida ishtirokchilardan biri videolarni ijtimoiy tarmoqlarda tanilish va obunachilar sonini ko‘paytirish maqsadida joylaganini aytgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lmoqchi edik. Qilgan ishimdan pushaymonman va buni boshqa takrorlamayman. Boshqa yoshlarga ham bunday ishlar bilan shug‘ullanmaslikni maslahat beraman», degan u.

Ikkinchi ishtirokchi ham qilmishidan pushaymonligini bildirib, voqea ortidan ishidan ayrilganini ma’lum qilgan.

Sud ularning harakatlarini jamiyatdagi yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini buzishda ifodalangan mayda bezorilik deb topgan. Ularga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Rasmiy xabarda qamoq muddati ko‘rsatilmagan. Qolgan sakkiz nafar ishtirokchiga qanday jazo berilgani, shuningdek, davlat raqamini yechish, oynalarni ruxsatsiz qoraytirish va yo‘l harakati qoidalarini buzish bo‘yicha alohida choralar qo‘llangan-qo‘llanmagani ham ochiqlanmagan.

2710

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→