Yangiliklar/Siyosat

Alisher Qodirov o‘zbek oilalarida bolalarni davlat tilida o‘qitishni taklif qildi

Siyosat 18 noyabr, 15:39
 Alisher Qodirov o‘zbek oilalarida bolalarni davlat tilida o‘qitishni taklif qildi

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi, Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov ota-onasi o‘zbek bo‘lgan bolalarga maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim faqat davlat tilida berilishi kerakligini aytdi.

Uning fikricha, bunday oilalarga farzandining ta’lim tilini tanlash imkonini bermaslik lozim. Boshqa millat vakillari uchun esa ona tilida ta’lim olish huquqi saqlanishi kerak.

Qodirov bu taklifni O‘zbekistonda 12 yillik maktab ta’limiga o‘tish masalasi muhokama qilinayotgan paytda bildirdi. Ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasida olti yoshli bolalar uchun bir yillik majburiy tayyorlovni umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichiga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Qodirov xususiy bog‘cha va maktablarda rus hamda ingliz tillaridagi dasturlarga talab yuqori ekaniga e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, ota-onalar farzandlari chet tilini erta o‘rganishi uchun shunday muassasalarni o‘zlari tanlamoqda.

Deputat esa bolaning dastlabki tarbiyasi va boshlang‘ich ta’limi davlat tilida bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. U o‘zbek tilidan boshqa tilda ulg‘aygan bolada milliy qadriyatlar, vatanparvarlik va mamlakatga daxldorlik hissi yetarli shakllanmasligini da’vo qildi.

«Agar bolaning ota-onasi o‘zbek bo‘lsa, ta’lim tilini tanlash imkoniyati bo‘lmasligi kerak», dedi Qodirov.

U maktabgacha ta’lim haqidagi qonunchilikka o‘zgartirish kiritib, o‘zbek oilalari uchun ta’lim tilini tanlash huquqini cheklashni taklif qildi. Oliy ta’limda esa abituriyent o‘qish tilini mustaqil tanlashi mumkinligini aytdi.

Qodirovning fikricha, rus, tojik, qoraqalpoq, qozoq va boshqa millat vakillarining farzandlari uchun ona tilida ta’lim olish imkoniyati saqlanishi lozim.

Amaldagi «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonunda maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi o‘qitish tili davlat tili haqidagi qonunchilik asosida belgilanishi qayd etilgan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, o‘zbek tili davlat tilidir. Shu bilan birga, davlat mamlakatda yashovchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi hamda ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi kerak.

2800

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→