Yangiliklar/Iqtisod

O‘zbekistonda beshta bank islomiy bank faoliyati uchun litsenziya oldi

Iqtisod 18 noyabr, 12:11
 O‘zbekistonda beshta bank islomiy bank faoliyati uchun litsenziya oldi

O‘zbekiston Markaziy banki yana to‘rtta tijorat bankiga islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berdi. Shu tariqa mamlakatda islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosida ishlash huquqini olgan banklar soni beshtaga yetdi.

Islomiy bank faoliyati uchun birinchi litsenziya Open bank’ka berilgan. Bank 2026-yil 23-oktabrda 1-I-sonli ruxsatnomani olgan.

Qaysi banklarga litsenziya berildi?

Markaziy bankning 18-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, quyidagi banklar islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini oldi:

  • Ipak Yuli Bank;
  • ASIA ALLIANCE BANK;
  • Orient Finans Bank;
  • HAYOT BANK.

Litsenziyalar ushbu banklarga qonunchilikda nazarda tutilgan islomiy moliyalashtirish operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beradi.

Hozircha banklar mijozlarga aynan qaysi mahsulot va xizmatlarni taklif qilishi ma’lum qilinmagan. Xizmatlar ro‘yxati qonunchilik talablari, ruxsat etilgan operatsiyalar va har bir bankning ichki qoidalariga bog‘liq bo‘ladi.

Islomiy bank faoliyati qanday yo‘lga qo‘yiladi?

O‘zbekistonda islomiy bank xizmatlarini rivojlantirish uchun huquqiy asos «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan yaratildi. Yangi normalar 2026-yil 20-iyuldan kuchga kirgan.

Qonunchilik alohida islomiy banklar tashkil etish bilan birga, an’anaviy tijorat banklari tarkibida «islomiy darcha» ochishga ham ruxsat beradi. Bunday modelda bank odatiy xizmatlarini davom ettirgan holda, mijozlarga islomiy moliyalashtirish mahsulotlarini ham taklif qilishi mumkin.

Islomiy tamoyillar asosida ishlamoqchi bo‘lgan har bir bank kamida uch kishidan iborat islomiy moliyalashtirish kengashini tuzishi shart. Shuningdek, bank rahbarlarining malakasi, ichki nazorat tizimi va moliyaviy operatsiyalarning belgilangan standartlarga muvofiqligiga doir talablar mavjud.

Islomiy bank xizmatlari odatiy kreditdan nimasi bilan farq qiladi?

Islomiy moliyalashtirishda foiz olish yoki to‘lash taqiqlanadi. Bu tamoyil «ribo»dan voz kechish deb ataladi.

Shu sababli islomiy banklar foiz hisoblanadigan an’anaviy kredit o‘rniga savdo, ijara va sheriklikka asoslangan vositalardan foydalanadi. Masalan, bank mijozga shunchaki foizli qarz berish o‘rniga kerakli aktivni sotib olib, uni kelishilgan ustama bilan mijozga sotishi yoki ijaraga berishi mumkin.

Bunday operatsiyalar islom huquqi tamoyillariga mos bo‘lishi, bitim shartlari esa tomonlar uchun oldindan aniq belgilanishi kerak.

3250

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→