Vashingtondagi tarixiy bog‘da o‘zbek ayvonlari o‘rnatildi

AQSh poytaxti Vashingtondagi G‘arbiy Potomak tarixiy bog‘ida ikkita an’anaviy o‘zbek ayvoni o‘rnatildi. Yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan ayvonlar AQSh mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan AQSh prezidenti Donald Tramp va Amerika xalqiga sovg‘a qilingan.
Bu haqda O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov ma’lum qildi. U ayvonlarni «madaniyatlar o‘rtasidagi ko‘prik» hamda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi do‘stlik ramzi deb atadi.
Diplomat Donald Trampga sovg‘ani Amerika xalqi nomidan qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Uning aytishicha, marosim davomida bog‘ uzra AQSh prezidentining vertolyoti uchib o‘tgan.
«Bu holat o‘zbek-amerika do‘stligiga bag‘ishlangan tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi», dedi elchi.
Ayvonlar an’anaviy o‘zbek yog‘och o‘ymakorligi uslubida ishlangan. Elchining fikricha, ular ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklikning uzoq muddatli ramziga aylanadi.
Yangi obidalar Vashingtonga tashrif buyuradigan mehmonlarga O‘zbekistonning amaliy san’ati va me’moriy an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Shuningdek, ayvonlardan AQShdagi o‘zbek diasporasi uchun uchrashuv va madaniy tadbirlar maskani sifatida foydalanish rejalashtirilgan. Bu yerda milliy bayramlarni nishonlash, O‘zbekiston tarixi, san’ati va madaniy merosini targ‘ib qiluvchi tadbirlarni o‘tkazish mumkin bo‘ladi.
G‘arbiy Potomak bog‘i Vashington markazida, Milliy xiyobon va AQSh poytaxtining asosiy yodgorliklari yaqinida joylashgan. O‘zbek ayvonlarini aynan shu hududga o‘rnatish rejalashtirilgani haqida avvalroq ham xabar berilgan edi.
AQSh Ichki ishlar vazirligi vakili Keti Martin o‘shanda Donald Tramp sovg‘ani Amerika xalqi nomidan qabul qilganini ma’lum qilgan edi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev Maskatdan Toshkentga jo‘nab keldi

Jensen Huang Nvidia rahbarligiga qaytishga tayyorligini bildirdi

Birjada AI-92 benzini bir kunda 7,1 foizga qimmatlashdi

Navoiyda ko‘cha poygalarini Instagram’ga joylagan yoshlar qamaldi
