Yangiliklar/Iqtisod

Société Générale va Hana Bank O‘zbekistonda vakolatxona ochadi

Iqtisod 17 noyabr, 20:20
 Société Générale va Hana Bank O‘zbekistonda vakolatxona ochadi

O‘zbekiston Markaziy banki Fransiyaning Société Générale va Janubiy Koreyaning Hana Bank vakolatxonalarini akkreditatsiyadan o‘tkazdi.

Vakolatxonalar mamlakat moliya bozorini tahlil qiladi, davlat idoralari va mahalliy moliya tashkilotlari bilan muzokaralar olib boradi. Société Générale xususiy kompaniyalar bilan ham ishlaydi.

Vakolatxona bank filiali hisoblanmaydi. U mijozlarga hisobvaraq ochish, omonat qabul qilish, kredit berish yoki bank kartalarini chiqarish huquqiga ega emas. Bunday ofisning asosiy vazifasi bozorni o‘rganish, hamkorlarni topish va bosh ofis uchun yangi loyihalarni tayyorlashdan iborat.

Société Générale O‘zbekistondagi loyihalarni moliyalashtirgan

Société Générale vakolatxona ochilishidan oldin ham O‘zbekistondagi yirik moliyaviy bitimlarda qatnashgan.

2022-yilda bank Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga besh yil muddatga 1,2 mlrd dollargacha ta’minotsiz sindikat krediti ajratgan xalqaro banklar guruhiga kirgan.

Société Générale Sirdaryo viloyatida quvvati 1,6 GVt bo‘lgan gaz issiqlik elektr stansiyasi qurilishini moliyalashtirishda ham ishtirok etgan. Yaponiya xalqaro hamkorlik banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va xususiy banklar ishtirokida shakllantirilgan moliyalashtirish paketi 805 mln dollarni tashkil etgan.

2026-yil may oyida O‘zbekiston texnologik metallar kombinati Société Générale bilan 50 mln yevro jalb qilishning asosiy shartlari bo‘yicha bitim imzoladi. Mablag‘larni kritik xomashyoni chuqur qayta ishlash, texnologik metallar ishlab chiqarish va eksportga mo‘ljallangan loyihalarga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

1864-yilda Fransiyada tashkil etilgan Société Générale hozir 58 mamlakatda faoliyat yuritadi va 27 mln mijozga xizmat ko‘rsatadi.

Hana Bank haqida nima ma’lum?

Hana Bank Janubiy Koreyaning Hana Financial Group tarkibiga kiradi. Uning Toshkentdagi vakolatxonasi O‘zbekiston moliya bozorini o‘rganadi hamda davlat idoralari va moliya tashkilotlari bilan ishlaydi.

Bank 2015-yilda Korea Exchange Bank bilan birlashgan. U jismoniy va yuridik shaxslarga bank xizmatlarini ko‘rsatadi, shuningdek, savdo operatsiyalarini moliyalashtiradi. Hana Financial Group 27 mamlakatda faoliyat olib boradi.

Xorijiy banklar vakolatxonalari soni o‘ntaga yetadi

Markaziy bankning 5-noyabr holatidagi reyestrida xorijiy banklarning sakkizta vakolatxonasi bor edi:

  • J.P. Morgan Chase Bank;
  • Gazprombank;
  • Commerzbank AG;
  • Landesbank Baden-Württemberg;
  • Citibank AS;
  • Shinhan Bank;
  • Xitoy Eksimbanki;
  • Korea Eximbank.

Société Générale va Hana Bank reyestrga qo‘shilgach, ularning soni o‘ntaga yetadi.

Hana Bank Shinhan Bank va Korea Eximbankdan keyin O‘zbekistonda vakolatxona ochgan uchinchi Janubiy Koreya banki bo‘ladi. Société Générale esa reyestrdagi birinchi Fransiya bankiga aylanadi.

7350

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→