O‘zbekiston va O‘mon iqtisodiy sheriklikni kuchaytiradi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-noyabr kuni davlat tashrifi bilan O‘mon Sultonligiga bordi. Masqat shahrida davlat rahbari O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said bilan muzokara o‘tkazib, savdo, investitsiyalar va yangi qo‘shma loyihalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv «Al-A’lam» saroyida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar keyingi yillarda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi siyosiy muloqot faollashgani, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar aloqalar kengayib borayotganini qayd etdi.
O‘mon Sultoni mazkur tashrif ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev esa muzokaralar o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
UzOman kompaniyasining kapitali oshirilishi mumkin
Shavkat Mirziyoyev O‘monga tashrifi davomida mamlakat Investitsiyalar agentligi prezidenti Abdusalom al-Murshidiy boshchiligidagi yirik biznes vakillari bilan ham uchrashdi.
Muloqotda O‘mon Savdo-sanoat palatasi, SABCO Group, Voltamp Energy, Asyad Group, Zubair Corporation va UzOman kompaniyasi rahbarlari qatnashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston – O‘mon investitsiya kompaniyasi UzOmanning ustav kapitalini oshirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlik uchun quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi:
- tog‘-kon sanoati;
- qayta tiklanuvchi energetika;
- elektrotexnika va kimyo sanoati;
- shaharsozlik va infratuzilma;
- transport va logistika;
- qishloq xo‘jaligi.
Taklif etilgan loyihalarning qiymati, amalga oshirish muddatlari va ulardagi tomonlar ulushi hozircha ma’lum qilinmadi.
O‘zbekiston – O‘mon Ishbilarmonlar kengashi tuziladi
Ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida bevosita aloqalarni rivojlantirish uchun O‘zbekiston – O‘mon Ishbilarmonlar kengashi tashkil etiladi.
Kengash biznes vakillariga sherik topish, investitsiya loyihalarini muhokama qilish va ularni amalga oshirishdagi masalalarni bevosita hal etish imkonini berishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. Tomonlar bajarilgan ishlar natijalarini har chorakda muhokama qilib boradi.
Davlat rahbarlari oliy mukofotlar bilan taqdirlandi
Masqatda Shavkat Mirziyoyev va Haysam bin Toriq Ol Saidni ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
O‘mon Sultoni ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Prezidentiga Sultonlikning oliy davlat mukofoti — «Ol Said» ordenini topshirdi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu mukofotni O‘zbekiston xalqiga hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikka bildirilgan yuksak hurmat ifodasi sifatida qabul qilishini aytdi.
O‘zbekiston Prezidenti, o‘z navbatida, O‘mon Sultonini «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan mukofotladi. Mukofot Haysam bin Toriq Ol Saidning siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun berildi.
Shavkat Mirziyoyevni aeroportda O‘mon Sultoni kutib oldi
O‘zbekiston Prezidenti samolyoti O‘mon havo hududiga kirgach, unga Sultonlik Harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari hamrohlik qildi.
Masqat xalqaro aeroportida Shavkat Mirziyoyevni Haysam bin Toriq Ol Said va O‘monning yuqori martabali rasmiylari kutib oldi. Qisqa suhbatdan so‘ng davlat rahbarlari birgalikda «Al-A’lam» saroyiga yo‘l oldi.
Saroyga kirishda yetakchilar o‘tirgan avtomobilni otliq faxriy qorovul kuzatib bordi. Oliy martabali mehmon sharafiga 21 marta to‘pdan o‘q uzildi va O‘zbekiston davlat madhiyasi yangradi.
Muzokaralardan keyin O‘mon Sultoni Shavkat Mirziyoyev sharafiga rasmiy qabul marosimi uyushtirdi. Unda ikki mamlakat delegatsiyalari, O‘mon hukmron oilasi vakillari, davlat arboblari va diplomatik korpus a’zolari qatnashdi.
Tashrifning iqtisodiy natijalari imzolanadigan bitimlar, qo‘shma loyihalar miqdori va ularning moliyalashtirish shartlari e’lon qilingach, aniqroq baholanishi mumkin bo‘ladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev Maskatdan Toshkentga jo‘nab keldi

Jensen Huang Nvidia rahbarligiga qaytishga tayyorligini bildirdi

Birjada AI-92 benzini bir kunda 7,1 foizga qimmatlashdi

Navoiyda ko‘cha poygalarini Instagram’ga joylagan yoshlar qamaldi
