Yangiliklar/Jamiyat

Namanganda 3,3 mlrd so‘mlik noqonuniy dori vositalari saqlanayotgan ombor aniqlandi

Jamiyat 17 noyabr, 09:51
 Namanganda 3,3 mlrd so‘mlik noqonuniy dori vositalari saqlanayotgan ombor aniqlandi

Namangan shahridagi xonadonlardan birida sifati va kelib chiqishi tasdiqlanmagan xorijiy dori vositalari saqlanayotgani aniqlandi. Musodara qilingan mahsulotlarning dastlabki qiymati 3,3 mlrd so‘mdan oshadi.

Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yashirin ombor Yangi Namangan tumanidagi «Mingterak» mahallasida joylashgan xonadonda tashkil etilgan. Dori vositalarini 1996-yilda tug‘ilgan Namangan shahri fuqarosi saqlab kelgani aytilmoqda.

Tezkor tadbir DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Xonadonni ko‘zdan kechirish vaqtida xorijda ishlab chiqarilgan 156 turdagi jami 23 432 dona dori vositasi topilgan. Ularning dastlabki umumiy qiymati 3,3 mlrd so‘mdan ortiq deb baholangan.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, preparatlar O‘zbekiston hududiga noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan bo‘lishi mumkin.

Dori vositalari belgilangan tartibda musodara qilinib, ekspertizaga yuborildi. Mutaxassislar ularning tarkibi, sifati, haqiqiyligi va belgilangan talablarga muvofiqligini tekshiradi.

Ekspertiza xulosasi olinmaguncha ushbu preparatlarni qat’iy ravishda kontrafakt mahsulot deb atash mumkin emas. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

DXX fuqarolardan dori vositalarining noqonuniy saqlanishi yoki savdosi bilan bog‘liq shunga o‘xshash holatlar haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishni so‘radi. Murojaat qilgan shaxslarning ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.

Dori vositalarini faqat rasmiy dorixonalardan sotib olish tavsiya etiladi. Xarid vaqtida qadoqning butunligi, preparatning nomi va seriyasi, yaroqlilik muddati hamda foydalanish yo‘riqnomasi tekshirilishi kerak.

Dori vositasining yuqori narxi yoki xorijda ishlab chiqarilgani uning sifatli va haqiqiy ekanini kafolatlamaydi. Qadoq, yorliq, narx yoki sotish shartlari shubha uyg‘otsa, preparatni shifokor yoki farmatsevt bilan maslahatlashmasdan ishlatmaslik kerak.

4360

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→