Yangiliklar/Siyosat

Mahkumlar koloniyadan turib oliy ta’lim olishi mumkin bo‘ladi

Siyosat 17 noyabr, 15:21
 Mahkumlar koloniyadan turib oliy ta’lim olishi mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda mahkumlarga jazoni ijro etish muassasasidan turib oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish, kirish imtihonlarini topshirish va masofadan o‘qish imkoniyati yaratiladi. Yangi tartib 2027/2028-o‘quv yilidan joriy etiladi.

Bu chora mahkumlarni ozodlikka tayyorlash va ularning jamiyatga qayta moslashuvini ta’minlashga qaratilgan prezident qarorida belgilangan. Hujjat koloniyalarda texnikumlar tashkil etish, kasbiy ta’limni kengaytirish va ozodlikka chiqadigan shaxslarni ishga joylashtirishga ko‘maklashishni ham nazarda tutadi.

2030-yilgacha mahkumlarning 60 foizini kasbiy ta’lim bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Hukumat ta’lim, kasbga tayyorlash va bandlik choralarining amalga oshirilishi takroriy jinoyatchilikni 30 foizga kamaytirishga yordam berishini kutmoqda.

Kirish imtihonlari koloniyalarda o‘tkaziladi

Mahkumlar uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari bevosita jazoni ijro etish muassasalarida tashkil qilinadi.

O‘qishga qabul qilinganlar to‘lov-kontrakt asosida masofaviy shaklda tahsil oladi. Buning uchun koloniyalarda videokonferensaloqa uskunalari bilan jihozlangan maxsus xonalar ajratiladi.

Qabul, imtihon va o‘quv jarayonini tashkil etish tartibi hozircha tasdiqlanmagan. Ichki ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy ichida tegishli tartibni ishlab chiqib, hukumatga kiritishi kerak.

Ushbu hujjatda mahkumlar o‘qishi mumkin bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari va yo‘nalishlar, kontrakt to‘lovi, imtihonlarni o‘tkazish va masofaviy darslarga ulanish shartlari belgilanishi kutilmoqda.

Koloniyalardagi o‘quv markazlari texnikumga aylantiriladi

Jazoni ijro etish muassasalari huzuridagi amaldagi kasb-hunarga o‘qitish markazlari Professional ta’lim agentligi tasarrufiga o‘tkazilib, texnikum sifatida qayta tashkil etiladi.

O‘z texnikumi bo‘lmagan koloniyalarga yaqin hududdagi tegishli ta’lim muassasalari biriktiriladi. Mahkumlar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni o‘rganib, davlat namunasidagi diplom yoki sertifikat olishi mumkin bo‘ladi.

Zarur hollarda bir vaqtning o‘zida ikkita kasbni egallashga ruxsat beriladi.

2030-yilgacha koloniyalarda kamida 50 ta kasb bo‘yicha o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ular orasida gidroponika va issiqxona xo‘jaligi kabi zamonaviy yo‘nalishlar ham bor.

Har yili 15 mingdan 20 ming nafargacha mahkum kasbiy ta’limga jalb etilishi kerak. Mashg‘ulotlar uchun 310 ta o‘quv xonasi va 420 ta amaliyot ustaxonasi tashkil etiladi.

Koloniyalarda ishlaydigan pedagoglarga ustama beriladi

Jazoni ijro etish muassasalarida dars beradigan pedagoglar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchi stavkasi bo‘yicha soatbay haq to‘lanadi.

Ularga koloniyadagi mehnat sharoiti uchun ish haqining 35 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama ham beriladi.

Ozodlikka chiqishdan oldin ish izlash boshlanadi

Ichki ishlar vazirligi mahkum ozod etilishidan kamida bir oy oldin uning egallagan kasbi va malakasi haqidagi ma’lumotlarni bandlik organlariga yuboradi.

Bu mutasaddi idoralarga fuqaro ozodlikka chiqmasidan avval unga mos bo‘sh ish o‘rinlarini izlash imkonini beradi. Biroq qarorda avtomatik ravishda ish bilan ta’minlash emas, ishga joylashishga ko‘maklashish nazarda tutilgan.

«Yangi hayot» dasturi ishga tushiriladi

Koloniyalarda mahkumlarni ijtimoiy moslashtirishga qaratilgan «Yangi hayot» dasturi joriy etiladi.

Ijobiy tavsifga ega, tashabbuskor yosh mahkumlar orasidan yoshlar yetakchilari tanlanib, Yoshlar ishlari agentligining ko‘ngillilar guruhiga qo‘shiladi.

Ular muassasaga yangi kelgan mahkumlarning ichki tartibga moslashishiga yordam beradi, nizolarning oldini olishda va bo‘sh vaqt tadbirlarini tashkil etishda ishtirok etadi.

Faol mahkumlar ushbu ish uchun har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida rag‘batlantiriladi. To‘lovlar Ko‘ngillilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

Koloniyalarda yoshlar bog‘lari tashkil etiladi, mahkumlarga «Mutolaa» elektron kutubxonasidan foydalanish imkoniyati beriladi hamda «Yosh kitobxon» tanlovining masofaviy shakli yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentning PQ-397-son qarori 2026-yil 16-noyabrda qabul qilinib, 17-noyabrdan kuchga kirdi. Hujjatda belgilangan vazifalar 2030-yilgacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

5070

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→