Yangiliklar/Jamiyat

Toshkentdagi renovatsiya hududlari aholisiga kattaroq uy taklif qilinishi mumkin

Jamiyat 16 noyabr, 13:32
 Toshkentdagi renovatsiya hududlari aholisiga kattaroq uy taklif qilinishi mumkin

Toshkentdagi renovatsiya hududlarida ko‘chmas mulkka egalik qiluvchi fuqarolarga Yangi Toshkentdan hozirgi uyidan kattaroq kvartira taklif qilinishi mumkin. Kompensatsiya sifatida beriladigan yangi uy-joyning qiymati eski ko‘chmas mulkning baholangan qiymatidan ko‘pi bilan 1,5 baravar yuqori bo‘lishiga ruxsat etiladi.

Bu imkoniyat prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-243-sonli farmonida nazarda tutilgan. Hujjat Yangi Toshkent va boshqa maxsus hududlarda yirik shaharsozlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, 11-noyabrdan kuchga kirgan.

Yangi tartib Tashkent Invest munitsipal investitsiya kompaniyasi ishtirokida kompleks qurilish va renovatsiya loyihalari amalga oshirilayotgan hududlarga tatbiq etiladi.

Biroq mulkdorlarga maydoni 1,5 baravar katta kvartira berilishi kafolatlanmagan. Har bir holat alohida ko‘rib chiqiladi. Kompensatsiya sifatida taqdim etiladigan obyektlarning soni, maydoni, qiymati va boshqa shartlar mulkdorlar bilan kelishiladi.

Kompensatsiya qanday hisoblanadi?

Farmonning 10-bandiga ko‘ra, renovatsiya hududidagi ko‘chmas mulk o‘rniga uning baholangan qiymatidan ko‘pi bilan 1,5 baravar qimmat turadigan kvartira berilishi mumkin.

Toshkent shahar hokimligi ushbu me’yor mulkdorga avvalgi uyining 150 foizigacha bo‘lgan maydondagi yangi uy-joyni taklif qilish imkonini berishini tushuntirdi. Ammo bu barcha mulkdorlarga bir xil qo‘llanadigan majburiy koeffitsiyent emas, balki mumkin bo‘lgan kompensatsiya variantlaridan biridir.

Masalan, oilaning hozirgi kvartirasi 50 kvadrat metr bo‘lsa, unga maydoni 75 kvadrat metrgacha bo‘lgan yangi uy taklif qilinishi mumkin.

Agar dastlabki kvartira 70 kvadrat metrni tashkil etsa, egasiga maydoni 105 kvadrat metrgacha bo‘lgan bitta kvartira yoki umumiy maydoni shunga yaqin ikkita alohida kvartira taklif etilishi mumkin. Masalan, 45 va 60 kvadrat metrlik ikkita uy-joy varianti ko‘rib chiqilishi ehtimoli bor.

Shartlar mulkdor bilan kelishiladi

Kompensatsiya takliflarini tayyorlashga mustaqil tashkilotlar jalb qilinadi. Ular ko‘chmas mulkni baholash va mumkin bo‘lgan kompensatsiya variantlarini ishlab chiqishda ishtirok etishi mumkin.

Har bir holat ko‘chmas mulkning xususiyatlari va egasining ehtiyojlaridan kelib chiqib ko‘rib chiqiladi. Tomonlar quyidagi masalalarni kelishib olishi kerak:

  • mavjud ko‘chmas mulkning baholangan qiymati;
  • yangi uy-joyning maydoni;
  • taqdim etiladigan kvartiralar soni;
  • uy-joylarning joylashuvi;
  • ko‘chirish va kompensatsiyaning boshqa shartlari.

Demak, kompensatsiyani belgilashda faqat kvartira maydoni emas, ko‘chmas mulkning qiymati ham asosiy mezonlardan biri bo‘ladi. Yangi uyning maydonini 150 foizgacha oshirish imkoniyati uning qiymati farmonda belgilangan chegaradan chiqmasa va mulkdor taklif etilgan shartlarga rozi bo‘lsa, qo‘llanilishi mumkin.

Toshkent shahar hokimligi mulkdorlarning huquqlarini himoya qilish, jarayonning shaffofligi va kompensatsiya shartlarini taraflar bilan kelishishni asosiy tamoyillar sifatida ko‘rsatgan.

Kelishuv notarial tartibda rasmiylashtiriladi

Mulkdorlar bilan ishlashni Tashkent Invest tashkil etadi. Kompaniya renovatsiya hududidagi ko‘chmas mulk va uning egalari haqida ma’lumot to‘plashi, yangi uy-joy bo‘yicha takliflar tayyorlashi hamda quruvchilar bilan muzokaralar olib borishi kerak.

Renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan mahallalarda maxsus shtablar tashkil etiladi. Ularning tarkibiga Tashkent Invest, tuman hokimliklari, adliya, qurilish va kadastr organlari vakillari kiradi.

Kompensatsiyaning turi va miqdori mulkdor bilan kelishilgach, notarial tasdiqlangan bitim tuziladi. Ko‘chirishning asosiy shartlari faqat og‘zaki tarzda emas, rasmiy hujjatda qayd etilishi lozim.

Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, isitish va chiqindi olib chiqish xizmatlari bo‘yicha qarzdorlik yoki ortiqcha to‘lovlar yangi kvartiraning shaxsiy hisobvaraqlariga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Dastlabki loyihalar qayerlarda amalga oshiriladi?

Toshkentdagi kompleks qurilish va renovatsiya dasturining dastlabki bosqichi uchta hududni qamrab oladi:

  • Yashnobod tumanidagi «Jarko‘rg‘on» mahallasi;
  • Mirobod tumanidagi «A. Fitrat» mahallasi;
  • Sergeli tumanidagi «Xonobodtepa» mahallasi.

Avvalroq Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov dastur doirasida har yili eski va yashash sharoiti talabga javob bermaydigan uylarda istiqomat qiluvchi 12–15 ming kishini yangi uylarga ko‘chirish rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, renovatsiyaga tushgan uylar egalariga o‘sha tumandagi yangi binolardan ta’mirlangan va avvalgisidan kichik bo‘lmagan kvartira tanlash imkoniyati berilishi ko‘zda tutilgan.

Yangi farmonda Yangi Toshkentdan uy-joy taklif qilish imkoniyati ham nazarda tutilmoqda. Biroq muayyan variant, kvartira maydoni va kompensatsiyaning boshqa shartlari har bir mulkdor bilan alohida kelishilishi kerak.

\Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun 2026-yil iyun oyida imzolangan. Hujjat renovatsiya tashabbusini ilgari surishdan boshlab, mulkdorlarga kompensatsiya to‘lash, aholini ko‘chirish va yangi obyektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan jarayonni tartibga soladi.

Renovatsiya loyihalarini davlat organlari, ko‘chmas mulk egalari va uchinchi shaxslar taklif qilishi mumkin.

Binolarning yuqori darajada eskirgani, avariya holatiga kelgani, yashash yoki foydalanish uchun yaroqsizligi renovatsiya o‘tkazishga asos bo‘lishi mumkin. Aholining turmush sharoitini jiddiy yomonlashtiradigan boshqa omillar ham hisobga olinadi.

Renovatsiya mavjud obyektlarni rekonstruksiya qilish, binolarni buzib, ularning o‘rnida yangi inshootlar qurish, shuningdek, yashil hududlar va boshqa jamoat makonlarini tashkil etishni o‘z ichiga olishi mumkin.

2,6610

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→