Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekistonlik o‘quvchilarga o‘z huquqlarini himoya qilish o‘rgatiladi

Siyosat 16 noyabr, 17:00
 O‘zbekistonlik o‘quvchilarga o‘z huquqlarini himoya qilish o‘rgatiladi

O‘zbekiston maktablarida 1–11-sinf o‘quvchilari uchun huquqiy tarbiya bo‘yicha yagona dastur ishlab chiqiladi. Bolalarga o‘z huquqlarini bilish, murakkab vaziyatlarda yordam so‘rash, davlat organlariga murojaat qilish hamda huquqbuzarlik yuz berganda to‘g‘ri harakatlanish o‘rgatiladi.

Huquqiy savodxonlik mavzulari amaldagi «Tarbiya» fani tarkibiga kiritiladi. Dasturni 2026-yil dekabriga qadar ishlab chiqish, 2031-yilgacha esa u bilan mamlakatdagi barcha umumta’lim maktablarini qamrab olish rejalashtirilgan.

Bu prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-242-sonli farmonida nazarda tutilgan. Hujjatda maktabdan boshlab tizimli huquqiy tarbiyani yo‘lga qo‘yish qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan milliy dasturning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Bolalar nimalarni o‘rganadi?

Dastur o‘quvchilarning yoshiga qarab uch bosqichga bo‘linadi. Mavzular va amaliy vazifalar sinfdan sinfga murakkablashib boradi.

Boshlang‘ich sinflarda bolalar o‘zlarining asosiy huquqlari, o‘zaro hurmat tamoyillari va murakkab vaziyatlarda yordam so‘rash tartibini o‘rganadi. Ularga tahdid, zo‘ravonlik yoki huquqlari buzilgan boshqa holatlarda kimga murojaat qilish mumkinligi tushuntiriladi.

O‘rta sinflarda o‘quvchilar zo‘ravonlikdan himoyalanish usullari, shuningdek, mehnat va iste’molchi huquqlarining asoslari bilan tanishadi. Ularga maktabda, do‘konda, internetda yoki ishlash jarayonida huquqlari buzilsa, qanday yo‘l tutish kerakligi o‘rgatiladi.

Yuqori sinflarda davlat idoralariga murojaat qilish, ariza tuzish, shartnoma va mehnat munosabatlarining asosiy qoidalari o‘rgatiladi. Bu bilimlar o‘quvchilarga dastlabki ishga joylashish, tovar va xizmatlar xarid qilish hamda turli bitimlarni tuzishda kerak bo‘lishi mumkin.

Mavzularning yakuniy ro‘yxati, o‘quv soatlari va bilimni baholash mezonlari dastur tasdiqlangach ma’lum bo‘ladi.

Nazariya amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlanadi

Huquqiy tarbiya faqat qonunlar va atamalarni yodlash bilan cheklanmaydi. Mashg‘ulotlarda o‘quvchilar kundalik hayotda uchrashi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni tahlil qiladi va huquqlari buzilganda bajariladigan harakatlarni mashq qiladi.

Darslarda vaziyatli topshiriqlar va treninglardan foydalanish rejalashtirilgan. O‘quvchilar muayyan holatda qaysi huquq buzilganini aniqlash, dalillarni saqlash, vakolatli tashkilotni topish va murojaatni to‘g‘ri rasmiylashtirishni o‘rganadi.

Mashg‘ulotlarda quyidagi holatlar ko‘rib chiqilishi mumkin:

  • maktabdagi tazyiq va kamsitish;
  • jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik;
  • internet firibgarligi;
  • shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanish;
  • iste’molchi huquqlarining buzilishi;
  • voyaga yetmaganlarning mehnat huquqlari;
  • davlat idorasiga ariza yoki shikoyat yuborish.

Amaliy mashg‘ulotlar uchun aniq ssenariylar va ularni o‘tkazish metodikasi hozircha tasdiqlanmagan.

O‘qituvchilar maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi

Dasturni ishlab chiqishga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Bolalar ombudsmani, Sudyalar oliy kengashi va Odil sudlov akademiyasi jalb qilinadi.

Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari maktab pedagoglari uchun maxsus metodik qo‘llanma tayyorlaydi. O‘qituvchilar qisqa muddatli malaka oshirish kurslaridan ham o‘tadi.

Kurslarda pedagoglarga huquqiy mavzularni turli yoshdagi bolalarga tushuntirish, murakkab va ta’sirchan vaziyatlarni muhokama qilish hamda amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish usullari o‘rgatilishi kutilmoqda.

Pedagoglarni tayyorlash qachon boshlanishi, kurslar qancha davom etishi va birinchi bosqichda nechta o‘qituvchi qamrab olinishi hozircha ochiqlanmagan.

Alohida fan joriy etilmaydi

Huquqiy savodxonlik maktablarda alohida fan sifatida o‘qitilmaydi. Yangi mavzular 1–11-sinflarda o‘tiladigan «Tarbiya» faniga qo‘shiladi.

Bu yondashuv bolaga boshlang‘ich sinfdagi oddiy huquqiy tushunchalardan yuqori sinflardagi mehnat, shartnoma va davlat idoralariga murojaat qilish masalalarigacha izchil bilim berishi kerak.

Shu bilan birga, «Tarbiya» fani uchun ajratilgan dars soatlari ko‘paytirilishi yoki huquqiy mavzular mavjud o‘quv yuklamasi doirasida o‘tilishi hozircha noma’lum.

1,2530

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→