Ish beruvchilar xodimlarni tazyiqdan himoya qilishi shart

O‘zbekistonda mehnat faoliyati doirasidagi jinsiy tegajog‘lik qonun bilan taqiqlandi. Endilikda ish beruvchilar bunday xatti-harakatlardan xoli mehnat muhitini yaratish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi shart.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Mehnat kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni nazarda tutuvchi O‘RQ-1189-sonli qonunni 13-noyabr kuni imzoladi. Hujjat shu kundan kuchga kirdi.
Qonun milliy qonunchilikka xalqaro mehnat standartlarini tatbiq etish maqsadida qabul qilingan. Qonunchilik palatasi hujjatni 7-iyul kuni ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qilgan, Senat esa uni 2-oktabrda ma’qullagan.
Qanday harakatlar jinsiy tegajog‘lik hisoblanadi?
Mehnat kodeksi jinsiy tegajog‘likni taqiqlovchi yangi 8¹-modda bilan to‘ldirildi.
Qonunga ko‘ra, shaxs uchun nomaqbul bo‘lgan hamda uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan shahvoniy xususiyatga ega harakatlar jinsiy tegajog‘lik hisoblanadi.
Bunday harakatlarga quyidagilar kirishi mumkin:
- tashqi ko‘rinish yoki tana tuzilishi haqida nomaqbul fikr bildirish;
- odobsiz ishoralar qilish;
- shaxsning roziligisiz unga tegish;
- shahvoniy mazmundagi og‘zaki murojaatlar.
Harakatni baholashdagi muhim mezon uning jabrlanuvchi uchun nomaqbul ekanidir. Qoidabuzarning o‘z xatti-harakatini hazil, maqtov yoki e’tibor belgisi sifatida izohlashi uning nomaqbul xususiyatini avtomatik ravishda yo‘qqa chiqarmaydi.
Yangi norma ish beruvchiga jinsiy tegajog‘likdan xoli mehnat muhitini yaratish uchun choralar ko‘rish majburiyatini yuklaydi.
Qonunda barcha tashkilotlar uchun qo‘llanadigan aniq choralar ro‘yxati keltirilmagan. Shuningdek, tegajog‘lik haqidagi murojaatlarni qabul qilish va tekshirishning yagona ichki tartibi ham belgilanmagan.
Shu sababli tashkilotlar o‘z ichki hujjatlarini yangi talablarga moslashtirishi kerak bo‘lishi mumkin. Ichki mexanizm quyidagilarni qamrab olishi mumkin:
- taqiqlangan xatti-harakatlarni aniq belgilash;
- shikoyat yuborish uchun maxfiy va xavfsiz kanal yaratish;
- murojaatni ko‘rib chiqish muddati va tartibini tasdiqlash;
- ish bo‘yicha tekshiruvga mas’ul shaxs yoki bo‘linmani belgilash;
- murojaat qilgan xodimni bosim va ta’qibdan himoya qilish.
Biroq bular qonunda tayyor tartib sifatida sanab o‘tilmagan. Ularni amalda joriy etish shakli tashkilotning ichki hujjatlari va keyingi huquqni qo‘llash amaliyotiga bog‘liq bo‘ladi.
Taqiq qaysi vaziyatlarga tatbiq etiladi?
Yangi modda mehnat faoliyati sohasidagi jinsiy tegajog‘likni qamrab oladi. Bunday xatti-harakatlar rahbar, qo‘l ostidagi xodim, hamkasb yoki mehnat jarayonining boshqa ishtirokchisi tomonidan sodir etilishi mumkin.
Qonunda xizmat yozishmalari, masofaviy ish, xizmat safarlari yoki korporativ tadbirlar alohida sanab o‘tilmagan. Bunday vaziyatlarga yangi normaning tatbiq etilishi hodisaning mehnat munosabatlariga qay darajada bog‘liqligi va huquqni qo‘llash amaliyotiga qarab baholanadi.
Jinsiy tegajog‘likka duch kelgan xodim mavjud dalillarni saqlab qo‘yishi mumkin. Jumladan:
- xabarlar va elektron xatlar;
- voqea sanasi, vaqti va tafsilotlari;
- guvoh bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar;
- ish beruvchiga yuborilgan murojaat va unga berilgan javoblar;
- qonuniy yo‘l bilan olingan audio yoki videomateriallar.
Xodim vaziyatga qarab ish beruvchiga, vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat qilishi mumkin. Har bir holatning huquqiy bahosi xatti-harakatning xususiyati, mavjud dalillar va uning oqibatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Mehnat sohasidagi kamsitish taqiqi kengaytirildi
Qonun Mehnat kodeksining mehnat sohasidagi kamsitishni taqiqlovchi 4-moddasiga ham o‘zgartirish kiritdi.
Kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydigan belgilar ro‘yxatiga quyidagilar qo‘shildi:
- terining rangi;
- siyosiy qarashlar.
Kodeksda avvaldan jins, yosh, irq, millat, til, ijtimoiy kelib chiqish va yaqin qarindoshlarning sudlanganligi kabi belgilar bo‘yicha kamsitish taqiqlangan.
Endilikda terining rangi yoki siyosiy qarashlari sababli xodimning mehnat huquqlarini cheklash yoxud boshqa shaxslarga asossiz ustunlik berish ham taqiqlanadi.
Bu belgilar, agar xodimning kasbiy fazilatlari va lavozim talablariga aloqador bo‘lmasa, uni ishga qabul qilish, maosh belgilash, lavozimini oshirish, kasbiy ta’limga yuborish yoki ishdan bo‘shatish haqidagi qarorlarga ta’sir qilmasligi kerak.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev Maskatdan Toshkentga jo‘nab keldi

Jensen Huang Nvidia rahbarligiga qaytishga tayyorligini bildirdi

Birjada AI-92 benzini bir kunda 7,1 foizga qimmatlashdi

Navoiyda ko‘cha poygalarini Instagram’ga joylagan yoshlar qamaldi
