Yangiliklar/Jamiyat

Farhod ko‘chasidagi yettita svetofor qayta sozlandi

Jamiyat 16 noyabr, 16:26
 Farhod ko‘chasidagi yettita svetofor qayta sozlandi

Toshkentdagi Farhod ko‘chasining 1,8 kilometrlik qismida yettita svetoforning ishlash tartibi o‘zgartirildi. Natijada tig‘iz bo‘lmagan vaqtda Kichik halqa avtomobil yo‘lidan Katta Xirmontepa ko‘chasigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish vaqti 6,5 daqiqadan 4 daqiqagacha qisqardi.

Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.

Svetoforlar transport oqimining sutka davomidagi yo‘nalishi va intensivligiga qarab qayta sozlangan. Ular uchun ikkita vaqt tartibi joriy etildi:

  • soat 07:00 dan 10:00 gacha Kichik halqa avtomobil yo‘li tomonga harakatlanayotgan transportga ustuvorlik beriladi;
  • soat 10:00 dan ertasi kuni 07:00 gacha Katta Xirmontepa ko‘chasi yo‘nalishidagi transport oqimi ustun bo‘ladi.

Yangi tartib ertalab shaharning markaziy yo‘nalishlariga qarab ketayotgan avtomobillarni tezroq o‘tkazish, kunning qolgan qismida esa qarama-qarshi yo‘nalishdagi tirbandlikni kamaytirishga qaratilgan.

Yo‘l vaqti qariyb 38 foizga qisqardi

Svetoforlar qayta sozlangach, 1,8 kilometrlik yo‘lni tig‘iz bo‘lmagan vaqtda bosib o‘tish 2,5 daqiqaga tezlashdi. Bu avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 38 foizga qisqarish demakdir.

Yashil chiroq davomiyligi va svetofor fazalarining almashish tartibi kunning turli vaqtlarida o‘zgarishi mumkin. Bu muayyan vaqtda avtomobillar ko‘proq harakatlanayotgan yo‘nalishga uzoqroq yashil chiroq berish imkonini yaratadi.

Farhod ko‘chasida joriy etilgan tartib klassik «yashil to‘lqin» tizimidan farq qiladi. «Yashil to‘lqin»da bir nechta svetofor o‘zaro muvofiqlashtirilib, belgilangan tezlikda harakatlanayotgan transportning chorrahalardan ketma-ket yashil chiroqda o‘tishi ta’minlanadi.

Toshkentda shahar ko‘chalaridagi harakatni yaxshilash ishlari davom etmoqda. «Yashil to‘lqin» tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bilan birga, ayrim yo‘l qismlarida svetoforlar transport oqimiga moslashtirilmoqda.

1,3600

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→