Yangiliklar/Ekologiya

Bo‘zsuv kanali bo‘yida sayilgoh, veloyo‘lak va eshkak eshish markazi tashkil etish rejalashtirilmoqda

Ekologiya 16 noyabr, 12:59
 Bo‘zsuv kanali bo‘yida sayilgoh, veloyo‘lak va eshkak eshish markazi tashkil etish rejalashtirilmoqda

Toshkentning Yunusobod tumanidagi Bo‘zsuv kanali qirg‘og‘ini sayr qilish, dam olish va sport bilan shug‘ullanish uchun ochiq jamoat makoniga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Loyiha konsepsiyasiga piyodalar sayilgohi, alohida velosiped yo‘lagi, kichik pirslar va tomosha maydonchalari kiritilgan. Kanal bo‘yida eshkak eshish markazi, kafe va restoranlar tashkil etish ham taklif qilinmoqda.

Konsepsiya jamoatchilik muhokamasida mahalliy aholiga taqdim etildi. Loyihani amalga oshirish muddati, qiymati va moliyalashtirish manbalari hozircha ma’lum qilinmagan.

Bo‘zsuv qirg‘og‘ini obodonlashtirish poytaxtdagi beshta kanalni qamrab olgan yirik dastur doirasida amalga oshiriladi. Bo‘zsuv, Salor, Damashi, Jun va Bo‘rijar kanallarining umumiy uzunligi 66,55 kilometr bo‘lgan qismlarida qirg‘oqlarni mustahkamlash, piyodalar yo‘laklarini barpo etish va atrofni obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Loyiha Toshkentning 11 ta tumanini qamrab oladi. Faqat Bektemir tumani dasturga kiritilmagan.

Bo‘zsuv bo‘yida nimalar qurilishi mumkin?

Konsepsiyaga ko‘ra, kanal bo‘ylab piyodalar sayilgohi va undan alohida velosiped yo‘lagi tashkil etiladi. Suv bo‘yida dam olish joylari, baliqchilar va boshqa tashrif buyuruvchilar uchun kichik pirslar hamda tomosha maydonchalari paydo bo‘lishi mumkin.

Suvga tushib ketish xavfi mavjud joylarda hudud o‘rganilgach, himoya to‘siqlari o‘rnatiladi. Axborot belgilari va qutqaruv vositalarini joylashtirish ham rejalashtirilgan.

Naberejnayaga olib boradigan yo‘laklarni harakatlanishi cheklangan fuqarolar uchun moslashtirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, tez yordam, yong‘in xavfsizligi va boshqa shoshilinch xizmatlar transporti uchun kirish yo‘li saqlab qolinadi.

Sayr va dam olish hududlari yoritish tizimi hamda videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi. O‘rindiqlar va chiqindi qutilari o‘rnatilib, kanalga olib boradigan yo‘laklar bo‘ylab yangi daraxt va butalar ekiladi.

Ayrim joylarda quyoshdan himoyalovchi ayvonlar va pergolali dam olish maydonchalari barpo etish taklif qilingan.

Suzuvchi prichalli eshkak eshish markazi

Konsepsiyaning asosiy obyektlaridan biri eshkak eshish markazi bo‘lishi mumkin. Markaz uchun suzuvchi prichallar va suvga tushish joylarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Sportchilar uchun baydarka, kayak va boshqa anjomlarni saqlash xonalari hamda maydonchalari ajratiladi. Tayyorgarlik ko‘rish va dam olish zonalarini yaratish ham ko‘zda tutilgan.

Kanalda mashg‘ulotlar uchun xavfsiz harakat yo‘nalishlarini belgilash va qutqaruv uskunalarini joylashtirish taklif etilmoqda.

Bo‘zsuv qirg‘og‘idagi bo‘sh maydonlarda yozgi terrasali kafe va restoranlar ochilishi mumkin. Ularning binolarida panoramali oynalar, soyali ayvonlar va ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar bo‘lishi rejalashtirilgan.

Hozircha eshkak eshish markazi, pirslar va umumiy ovqatlanish shoxobchalari konsepsiya bosqichida. Ularning aniq joylashuvi, yakuniy loyihasi va tadbirkorlarga yer ajratish shartlari ochiqlanmagan.

Daraxtlar avval tekshiriladi

Qurilish ishlari boshlanishidan oldin hududda dendrologik tekshiruv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Sog‘lom, voyaga yetgan daraxtlar imkon qadar saqlab qolinadi. Piyodalar yo‘laklari ularning tanasi va ildiz tizimiga zarar yetkazmaydigan tarzda yotqizilishi kerak.

Avariya holatidagi, shikastlangan hamda ko‘chirishning imkoni bo‘lmagan obyektlar joyiga to‘g‘ri kelgan ayrim daraxtlar kesilishi mumkin. Shuningdek, hududni mahalliy o‘simliklarni siqib chiqaradigan invaziv aylant o‘simtasidan tozalash rejalashtirilmoqda.

Kesilgan daraxtlar o‘rniga yirik ko‘chatlarni kompensatsiya tarzida ekish nazarda tutilgan. Qancha daraxt kesilishi va ularning o‘rniga nechta ko‘chat ekilishi hozircha ma’lum qilinmagan.

Kanal bo‘ylarida 326 ta yer egallash holati aniqlangan

Obodonlashtirish bilan bir paytda kanallarning muhofaza zonalari noqonuniy bino, devor va to‘siqlardan tozalanmoqda.

Beshta kanal bo‘yida umumiy maydoni 11,46 gektar bo‘lgan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash bo‘yicha 326 ta holat aniqlangan.

Hozirga qadar 275 ta holatda noqonuniy bino va inshootlar bartaraf etilgan. Tozalangan hududlarning umumiy maydoni 8,41 gektarni tashkil qiladi. Bu aniqlangan holatlarning 84 foiziga teng.

Qolgan 51 ta holat bo‘yicha 3,06 gektar hududda ishlar davom etmoqda.

Bo‘zsuv kanali bo‘yining o‘zida 60 ga yaqin noqonuniy inshoot aniqlangan. Jamoatchilik muhokamasida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ularning aksariyati buzib tashlangan.

Ayrim uchastkalar ilgari baland devorlar va darvozalar bilan to‘sib qo‘yilgani sababli aholi kanal bo‘ylab erkin yura olmagan. Loyiha qirg‘oqni jamoatchilik foydalanishi uchun ochish va suv bo‘ylab uzluksiz sayr yo‘nalishini yaratishni ko‘zda tutadi.

Naberejnayaning yakuniy ko‘rinishi tasdiqlangan loyiha hujjatlari, hududni o‘rganish natijalari va jamoatchilik muhokamasidan keyin qabul qilinadigan qarorlarga bog‘liq bo‘ladi.

4130

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→