Yangiliklar/Jamiyat

Uy topshirilmaguncha ulushdorlarning puli bankda saqlanadi

Jamiyat 10 noyabr, 12:39
Uy topshirilmaguncha ulushdorlarning puli bankda saqlanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 10-noyabr kuni ulushli qurilish haqidagi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.

Hujjat ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish tartibini belgilaydi. Unda quruvchi, ulushdor, bank va davlat idoralarining huquq hamda majburiyatlari ko‘rsatilgan.

Hujjat hozircha qonun emas. Uni Senat ma’qullashi, prezident imzolashi va hujjat rasman e’lon qilinishi kerak.

Eskrou hisobvarag‘i qanday ishlaydi?

Endi xaridor qurilayotgan uy uchun pulni quruvchining hisobiga emas, vakolatli bankdagi eskrou hisobvarag‘iga o‘tkazadi. Quruvchi bu mablag‘dan qurilish davomida foydalana olmaydi.

Bank pulni obyekt qurib bitkazilib, foydalanishga topshirilganidan keyin quruvchiga beradi. Qurilish xarajatlari esa quruvchining o‘z mablag‘i yoki bank krediti hisobidan qoplanadi.

Bu tartib quruvchi ishni yakunlamasa yoki moliyaviy muammoga duch kelsa, xaridor pulini yo‘qotish xavfini kamaytiradi.

Eskrou tizimiga o‘tish prezidentning 2025-yil 27-yanvardagi PF-11-son farmonida belgilangan. Farmonga ko‘ra, tizim 2025-yil 1-iyuldan ixtiyoriy, 2026-yil 1-yanvardan majburiy tartibda joriy etilishi kerak edi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, quruvchi fuqarolardan pul olishdan oldin bir nechta talabni bajarishi kerak. Kompaniya:

  • qonunda belgilangan talablarga javob berishi;
  • Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tishi;
  • vakolatli bank bilan bitim tuzishi;
  • loyiha deklaratsiyasini e’lon qilishi kerak.

Bu talablarni bajarmagan quruvchi aholidan ulushli qurilish uchun pul jalb qila olmaydi.

Agar kompaniya pulni qonunga zid ravishda olsa, ulushdor mablag‘ni qaytarishni va undan foydalanilgan vaqt uchun foiz to‘lashni talab qilishi mumkin.

Ulushli ishtirok etish shartnomasi notarial tasdiqlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.

Bu tartib bir xonadonning bir necha xaridorga sotilishi yoki quruvchining norasmiy shartnomalar orqali pul yig‘ishi kabi holatlarning oldini olish uchun kiritilmoqda.

Shartnomaga qo‘shiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham notarial tasdiqlanishi lozim. Quruvchi narx, xonadon maydoni, topshirish sanasi yoki boshqa shartlarni ro‘yxatdan o‘tkazilmagan qo‘shimcha kelishuv bilan o‘zgartira olmaydi.

Notarial tasdiq va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabi PF-11-son prezident farmonida ham ko‘rsatilgan.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishdan keyin o‘zgartirilgan. Yangi tahrirda uy belgilangan vaqtda topshirilmasa, uni muammoli obyekt deb topish uchun yana olti oy kutish talabi olib tashlangan.

Quruvchi faqat tovon puli to‘lab, muammoli obyektlar reyestridan chiqa olmaydi. Avval aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishi kerak.

Qurilish to‘xtab qolgan vaziyatlarda quruvchi yoki vakolatli bankni almashtirish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan. Moliyalashtirishni davom ettirish uchun alohida mexanizmlar qo‘llanishi mumkin.

Yangi tartib qaysi uylarga tegishli?

Qonun talablari hujjat kuchga kirganidan keyin qurilish ruxsatnomasini olgan obyektlarga nisbatan qo‘llanadi.

Demak, yangi qoidalar hozir qurilayotgan barcha turar joy majmualariga avtomatik ravishda tatbiq etilmaydi. Xaridor uy olishdan oldin obyektning qurilish ruxsatnomasi qachon berilganini tekshirishi kerak.

Uy olayotganda nimalarni tekshirish kerak?

Yangi qonun kuchga kirgach, qurilayotgan uydan xonadon olmoqchi bo‘lgan xaridor quyidagilarni tekshirishi lozim:

  1. quruvchi Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tganmi;
  2. loyiha deklaratsiyasi e’lon qilinganmi;
  3. to‘lov uchun eskrou hisobvarag‘i ochilganmi;
  4. quruvchining vakolatli bank bilan bitimi bormi;
  5. shartnoma notarial tasdiqlanganmi;
  6. shartnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganmi;
  7. obyektning qurilish ruxsatnomasi qachon berilgan.

Agar kompaniya pulni eskrou hisobvarag‘i o‘rniga o‘z hisobiga o‘tkazishni yoki notariussiz dastlabki shartnoma tuzishni taklif qilsa, xaridor eskrou tizimida nazarda tutilgan himoyaga ega bo‘lmasligi mumkin.

170

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→